Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Xabarlar

Ramazon yaqinlashmoqda! Qaysi masjidlarda Xatmi Qur'on bo‘ladi?

 
 

Allohga beadad shukr, Ilohiy tuhfalar, fayzu-futuh va quvonch olib ramazon yaqinlashmoqda. Qalbimizga ajib shavq va srur ila ramazon kirib kelmoqda. Oylarning sultoni, ezgulik va xayr mavsumi, toatu ibodat fasli, saxovatu duo, tarovehu Qur'on oyi bo‘lmish muborak mohi Ramazon o‘zining tarovati, saxovati va barakoti bilan olamga tashrif buyurib, boshimiz uzra rahmat soyaboni bo‘lib turibdi. Ko‘plab fazilatlarga ega bu oyda Qur'on nozil bo‘lgandir. Qur'oni Karimda Alloh taolo bu haqida shunday marhamat qiladi;

شَهْرُ رَمَضَانَ الَّذِي أُنْزِلَ فِيهِ الْقُرْآنُ هُدًى لِلنَّاسِ وَبَيِّنَاتٍ مِنَ الْهُدَى وَالْفُرْقَانِ

“Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur'on nozil qilingan oydir”. (Baqara surasi, 185-oyat)

Ramazon oyi “Qur'on oyi” deb ataladi. Unda Qur'onga bo‘lgan ahamiyat: tilovat qilish, yod olish, ma'nolarini tushunib yetish tobora ortadi. Rasululloh sollallohu alauhi vasallam har yili Ramazon oyida Qur'oni karimni Jabroil alayhissalom huzurlarida o‘qib o‘tkazar edilar. Sahobalar ham Ramazonda Qur'onni xatmqilishga qattiq kirishardilar, ba'zilari uch kechada xatm qilsa, ba'zilari yetti kechada xatm qilar yana boshqalari o‘n kechada Qur'onni xatm qilishardi. Ular Qur'onni kechasi-yu kunduzi, hoh namozda, hoh namozdan tashqari bo‘lsin tilovat qilishar edi. Bu yil alhamdulillah Ramazon ro‘zasini to‘liq tutib, o‘ttiz kun mobaynida masjidlarda taroveh namozlarini ado etish, Qur'on xatmiga some' bo‘lish imkoni bo‘lib turibdi. O‘tgan 2020 yilda butun dunyoga tarqalgan og‘ir kasallik (Korona virus pandemiyasi) tufayli Ramazoni sharifda xatmi Quron bo‘lmagan, hattoki masjidlarimizning faoliyati ham to‘xtab qolgandi. Besh vaqtlik namozlar, juma namozlari va iyd namozlarni ham masjidlarda jamoat bo‘lib ado etish imkoni bo‘lmay qolgan edi. Bu yilda bo‘ladigan Xatmi Quronlarni mo‘min-musulmonlarimiz o‘zgacha shukuh, intizorlik va zavq-u shavq bilan kutmoqda.

Ta'kidlash joizki, yurtimizda din sohasida ko‘plab o‘zgarishlar, masjidlar ochilishi va xatmi Quronlar yildan-yilga ko‘payib bormoqda. Misol uchun aytadigan bo‘lsak, 2018 yil 1149 masjidda, 2019 yil 1220 masjidda xatmi Qur'on o‘tkazilgan edi. Xudo xohlasa bu yil 2021-yilda 1370 dan ziyod masjidlarda Xatmi Quron bo‘lib o‘tadi. Insha Alloh bu yil Samarqand shahrida ham faoliyat olib borayotgan masjidlarimizning 14 tasida Xatmi Quron bo‘ladi. Buning uchun jami 23 nafar qorilar taklif qilingan. Ularning 9 nafari Samarqand shahri qorilari, 14 nafarlari esa boshqa tuman va viloyatlardan taklif qilinmoqda.

Xatmi Qur'on bo‘ladigan masjidlar: Abdulloh ibn Abbos (30 kunlik), Darg‘om (1/15 kunlik), Qoraboy Oqsaqol (1/15 kunlik), Qo‘shbaqqoli (20 kunlik), Qo‘shhovuz (2/15 kunlik), Lohutiy (30 kunlik), Namozgoh (25 kunlik), Ruhobod, Faqih abu Lays (1/15 kunlik), Xo‘ja Is'hoqi Vali (2/15 kunlik), Xo‘ja abdu Darun (25 kunlik), Xo‘ja Nisbatdor (30 kunlik), Shohi Zinda (27 kunlik), Yangi Obod (30 kunlik).

Qur'on o‘qiladigan yurtda farovonlik bo‘ladi. Bu joyga Allohning rahmati, barakasi yog‘iladi, balo-ofatlar ariydi. Hazrati Payg‘ambarimiz alayhissalom «Bir qavm jamlansa, ba'zisi duo qilsa va qolganlari “omin”, desa, albatta, Alloh taolo ularni ijobat qiladi», deganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).

Eslatma: Koronavirus kasalligi bilan bog‘liq murakkab vaziyat davom etayotganini inobatga olgan holda taroveh namozlarida sanitariya-epidemiologik nazorat kuchaytiriladi. Xususan, namozxonlar tibbiy niqobda bo‘lish, oraliq masofani saqlash, tashrif buyuruvchilar tana haroratini o‘lchash, antiseptik vositalardan foydalanish kabi karantin tartib-qoidalariga rioya qilinadi. Masjidlarda elektr, gaz va yong‘in xavfsizligi hamda namoz o‘qiladigan joylar muhofazasiga katta e'tibor qaratiladi, texnik jihozlarning sozligi ko‘rikdan o‘tkaziladi. Imom-xatiblar tomonidan OAV va Internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlarda Ramazon oyining mazmun-mohiyatini o‘zida mujassam etgan chiqishlar qilinadi. Shuningdek, masjidlardagi Taroveh namozlarining shukuhi, mo‘min-musulmonlarning xushkayfiyati ham keng yoritiladi.

Muborak Ramazon oyi barchaga muborak bo‘lsin! Bu oyning fazilatlaridan Alloh taolo har birimizni bahramand aylasin!

I.Numonov - Samarqand shahar imom-xatibiligi matbuot xizmati xodimi


Kiritilgan vaqti: 05/04/2021 11:52;   Ko‘rilganligi: 193
 
Material manzili: https://savad-ul-azam.uz/oz/press/news/ramazon-yaqinlashmoqda-qaysi-masjidlarda-xatmi-quron-boladi
Chop etilgan vaqti: 04/12/2021 10:34