Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Тазкия

Qurbonlik manfa'ati

 
 

عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهَا أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: »مَا عَمِلَ ابْنُ آدَمَ يَوْمَ النَّحْرِ عَمَلًا أَحَبَّ إلَى اللَّهِ مِنْ هِرَاقَةِ دَمٍ وَإِنَّهُ لَتَأْتِي يَوْمَ الْقِيَامَةِ بِقُرُونِهَا وَأَظْلَافِهَا وَأَشْعَارِهَا وَأَنَّ الدَّمَ لَيَقَعُ مِنَ اللَّهِ عَزَّ وَجَلَّ بِمَكَانٍ قَبْلَ أَنْ يَقَعَ عَلَى الْأَرْضِ فَطِيبُوا بِهَا نَفْسًا .«رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Odam bolasi qurbonlik kuni qiladigan amallarining ichida qon chiqarishidan ko‘ra Alloh taologa mahbubroq amal yo‘q. Qurbonlikka so‘yilgan jonivor qiyomat kuni o‘z shoxi, tuyog‘i va yunglari bilan keladi. Qurbonlik qoni yerga tushmay turib, Alloh taoloning huzurida qabul bo‘ladi. Shuning uchun mamnuniyat ila qurbonlik qilinglar», dedilar» (Imom Termiziy rivoyati).

عَنْ الحُسَيْنِ بْنِ عَلِيٍّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: »مَنْ ضَحَّى طَيِّبَةً بِهَا نَفْسُهُ مُحْتَسِباً لِأُضْحِيَّتِهِ كَانَتْ لَهُ حِجَاباً مِنَ النَّارِ .«رَوَاهُ الإِمَامُ الطَّبَرَانِيُّ

Husayn ibn Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim qurbonlikni chin ko‘ngildan va savob umidida qilsa, u (qurbonlik) uning uchun do‘zaxdan parda bo‘ladi», dedilar» (Imom Tabaroniy rivoyati).

Ashraf Ali Tahonaviy rahmatullohi alayhi aytadilar: «Bir kishi qurbonlik qilish o‘rniga uning qiymatini beva-bechoralarga sadaqa qilar edi. Bir kecha tush ko‘rdi. Qarasaki, qiyomat qoim bo‘libdi. Odamlar sirot ko‘prigi yonida to‘plangan. Ko‘pchilik o‘z ulovlariga minib, sirot ko‘prigidan o‘tib, jannatga kirmoqdalar. U kishi esa qanday o‘tishni chorasini topa olmas edi. Odamlarga ulovlar qayerdan kelayotganini tushunmay, hayron bo‘lib turganida, g‘oibdan: «Bu ulovlar ularning dunyoda tayyorlab qo‘ygan ulovlaridir. Ya'ni qilgan qurbonliklaridir. Siz qurbonlik qilmaganligingiz uchun ulovdan mahrumsiz», degan ovoz keldi. U kishi uyqusidan qo‘rqib o‘yg‘onib ketdi va bundan keyin har yili qurbonlik qilishni maqsad qildi».

Bu kunda bandalar tarafidan bajariladigan eng yaxshi amal bu – qurbonlik qilishdir. Qurbonlik qilgan banda Alloh taologa yaqinlashadi, Alloh taolo uni yaxshi ko‘radi. Qurbonlikka so‘yilgan har qanday jonivor qiyomat kuni o‘z shoxi, tuyog‘i, yungi va a'zolari bilan kelib, tarozida asqotadi, sohibining sirot ko‘prigidan o‘tishida yordam beradi. 

Qurbonlik qoni yerga tushmasdan turib, o‘za zahoti Alloh taoloning huzurida qabul bo‘ladi. Qurbonlik ibodati mamnuniyat bilan, savob umidida ado etilsa, hatto do‘zaxga parda ham bo‘lar ekan.


Kiritilgan vaqti: 17/07/2021 13:37;   Ko‘rilganligi: 46
 
Material manzili: https://savad-ul-azam.uz/oz/islam/tazkiyah/qurbonlik-manfaati
Chop etilgan vaqti: 23/10/2021 10:25