Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Тазкия

FAQAT TILDA TAVBA QILISH YOLG‘ONCHILARNING TAVBASIDIR

 
 

Avvalo birgalikda tavba qilaylik:

استغفر الله (3) استغفر الله العظيم الکريم الذی لا اله الا هو الحی القيم و اتوب اليه. اللهم انت ربی لا اله الا انت خلقتنی و انا عبدک و انا علی عهدک و وعدک ما استطعت اعوذ تک من شر ما صنعت ابوء لک بنعمتک علی و ابوء بذنبی فاغفرلی فإنه لا يغفر الذنوب الا انت

Astag‘firulloh, astag‘firulloh, astag‘firulloh. Astag‘firullohal 'aziym al karim, allaziy laa ilaha illa hu... Al hayyul qayyum va atubu ilayh.

Allahuma anta robbi... Laa ilaha illa anta xalaqtaniy... Va ana 'abduka va ana 'ala ahdika va va'dika mastato'tu a'uzu bika min sharri ma sana'tu abuu laka bini'matika alayya va abu'u bizambi fag‘firli fa innahu laa yag‘firuz zunuba illa anta.

Yo Rabbana! Shu yoshimizga qadar qilgan xatolarimizni, gunohlarimizni, ayblarimizni, qusurlarimizni lutfing, karaming bilan kechir. Bundan keyingi hayotimizda gunohu xato qilmasdan, sevgan quling bo‘lib yashashimizni nasib et!

Inson gunoh qilgan, aybli bo‘lishi mumkin. Allohu Ta'olo hazratlari G‘afforaz zunubdir – gunohlarni avfu mag‘firat etguvchidir. Sattoral uyubdir – ayblarni berkituvchidir. Afuvdir – avf etishni sevadi.

Karimdir – bandasining gunohidan qat'i nazar, ozgina qilgan savobli ishlari uchun ham ko‘p mukofotlar berib, uni oxiratda baxtiyor qiluvchi ulug‘ rahmatga egadir. Demakki, banda xatosini tushunsin, Allohga qaytsin...

Allohga qaytishni «tavba» deydilar. Shuni bilish kerakki, faqatgina «Tavba qildim, yo Rabbim!» deyishning o‘zi bilan tavba tavba bo‘lmaydi. Tavba – va'dadir, nadomatdir... Inson o‘z hayotining jarayonini, faoliyatini, yo‘nalishini, yashash tarzini o‘zgartirishidir. Shuning uchun Allohga astoydil tavba qilish kerak...

Hazrat Ali raziyallohu anhu Kufa masjidiga kirib qarasalar, masjidning bir burchagida bir odam: «Tavba qildim, yo Rabbim! Tavba qildim, yo Rabbim!..» – deb o‘tiribdi. Hazrat Ali unga: «Tavba qilyapsan, bu juda yaxshi, ammo shuni bilki, faqatgina so‘zda: «Tavba qildim, yo Rabbim!» deyish yolg‘onchilarning tavbasidir», – dedilar. Chunki tili bilan tavba qiladi, fe'l-odatini o‘zgartirmaydi. Inson o‘z holini, fe'l-atvorini o‘zgartirishi, yaxshi bir inson holiga kelishi kerak.

Masalan, Alloh asrasin, qimor o‘ynasa, qimorni tashlashi, Alloh asrasin, ichkilik ichuvchi bo‘lsa, ichkilikni tashlashi, yomon odatlari bor bo‘lsa, ularni tashlashi kerak! Janobi Haq yo‘liga qaytish bu...

Insonning qaytishi qat'iy bo‘lsa, bu qaytishga «tavbai-nasuh», juda samimiy tavba deydilar. Nasuh – juda samimiy degani. Mana shunday samimiy qaytish – tavba qilsa, oldingi gunohlari qancha ko‘p bo‘lsa ham, Alloh kechiradi. Hatto qotil bo‘lsa ham, zolim bo‘lsa ham, kechiradi. Bu xususda Hadisi shariflarda mujdalar bor. Shuning uchun Allohning rahmatidan aslo umid uzmaslik, Allohning rahmatini istashlik kerak!..

"Islom va axloq" kitobidan olindi


Kiritilgan vaqti: 27/05/2021 10:17;   Ko‘rilganligi: 83
 
Material manzili: https://savad-ul-azam.uz/oz/islam/tazkiyah/faqat-tilda-tavba-qilish-yolgonchilarning-tavbasidir
Chop etilgan vaqti: 28/11/2021 04:22