Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Оқимлар

SOXTA SALAFIYLIK

 
 

Aqidaparast oqimlardan biri Soxta salafiylikdir.  So‘ngi yillarda “salaf solihlarga ergashish” shiorini niqob qilib olgan, musulmon jamiyatlarini ilk islom davri holatiga qaytarishni  targ‘ib qiluvchi mutaassib soxta salafiylar paydo bo‘lganini alohida qayd etish lozim. Xo‘sh buning xavfi qay darajada? Ularning da'volari va ko‘rinishlari nimalardan iborat? 
 Salafiylar islom jamiyat qurilishi va davlatchilikning asosi bo‘lishi kerak deb hisoblaydi hamda hokimiyat tepasiga “haqiqiy musulmonlar”ni chiqarish uchun faol harakat qilishni tashviqot qiladi. Mazkur maqsad yo‘lida hozirgi “salafiylik” yetakchilari quyidagilarni maqsad qilmoqda: 
 - odamlar ongidan milliy qadriyat va urf odatlarni chiqarib tashlash;
 erkak va ayollar tomonidan shariat ahkomlari ko‘r-ko‘rona amal qilinishini ta'minlash, amal qilmaganlarga qattiq jazo qo‘llash;
 muqaddas joylarni ziyorat etishni ta'qiqlash;
 davlat qonunlarini Qur'on va sunnat talablariga muvofiqlashtirish.
Yuqorida zikr etilayotgan maqsadlariga e'tibor qaratilsa, ularning jamiyat aholisi o‘rtasida parokandalik, ziddiyat keltirib chiqarish hamda ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelgan diniy qadriyatlarimizni so‘ndirib savodsiz qilish kabi razilliklari ma'lum bo‘ladi. Mana ularning asl basharalari. 
Ming afsuslar bo‘lsinki, yaqinlarimiz, tengdosh yoru-do‘stlarimiz ko‘r-ko‘rona nimalarnidir vajh qilgan holda ularning puch xom hayollariga ergashib ketishlari kishini ajablantiradi. Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zidan “Shayx” yasab olganlarning pistirmadan turib chaqiriqlariga labbay deb ketayotganlar oramizda yo‘q emas. Ijtimoiy tarmoqlar orqali go‘yoki musulmonlarga yordam berish maqsadida “hijrat” va “jihod” ga kelishni targ‘ib qiluvchi videorolik, ma'lumotlarni joylashtirayotganlar aslida nobakor soxta salafiylardir. “Hozirgi vaqtda dunyoning barcha joyi kufr diyoridir,  buni ichida Makka va Madina bo‘lsa ham”, deb aytadi. Agar shariat ilmlaridan ozgina xabari bor inson ham bu gaplarni aytishdan o‘zini saqlaydi. Chunki bir diyorda yashaydigan kishilarni yoppasiga kofirga chiqarish hamda ushbu davlatlarni kufr diyori deb aytish,  faqatgina shar'iy ilmlardan umuman xabari bo‘lmagan  odamni so‘zi hisoblanadi. Hanafiylarning mashhur ulamolaridan bo‘lmish 970 hijriy sanada vafot etgan, «al-Bahr ar-roiq» nomli kitobning muallifi Ibn Nujaym rahmatullohi alayh: «Agar bu masalada (ya'ni  bir insonni amaliga qarab kofirga chiqarish) kofir deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir demaslik uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak», deganlar. 
Xar bir ongli, aqlu xushi joyida bo‘lgan fuqaro e'tibor berib loqaydlikdan yiroq bo‘lsa hamda quyida keltiriladigan ma'lumotlarga diqqat qilsa ularning kirdikorlaridan ehtiyot bo‘lib, ular o‘stirmoqchi bo‘lgan tikonzorlardan omon chiqadi.
 
Asadullo Najmiddinov

Kiritilgan vaqti: 08/06/2021 10:58;   Ko‘rilganligi: 48
 
Material manzili: https://savad-ul-azam.uz/oz/islam/movements/soxta-salafiylik
Chop etilgan vaqti: 23/10/2021 10:00