Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Оқимлар

Mazhabga ergashmaslikning zararlari va uning yomon oqibatlari haqida. 5-qism

 
 

Shayx Muhammad Sai'yd Ramazon Butiy aytadilar: “Mazhabsizlik dindan chiqib ketishga olib boruvchi ko‘prikdir”. Bunday harakatlar esa hadislarda va ulamolarning asarlarida qat'iy qoralangan. Qayd etilgan mulohazalar “Qur'on va hadisgagina amal qilamiz”, – deya o‘zlarini mujtahid bilib, fiqhiy mazhablarni inkor qilayotganlar aslida, bu harakatlari bilan diniy birlik va aqidaviy yakdillikka rahna solayotganligini isbotlaydi. Qolaversa, bunday iddaolar asrlar davomida mavjud bo‘lib kelayotgan mazhablar asoschilari va ularning ta'limotlariga nisbatan bo‘hton bo‘lib, musulmon shaxsini adashtirishga qaratilganligini xulosa qilish o‘rinli bo‘ladi.

Chunonchi, Payg‘ambarimiz Muhammad (a.s.) musulmon shaxsiyatini hurmat qilish, ayniqsa ilmli kishilar izzat qilish qilish lozimligini uqtirganlar. Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda esa U zot ixtilof qilmaslik va uning oqibati yaxshilikka olib bormasligini ta'kidlangan.

Sahl ibn Abdulloh at-Tustariy aytadilar: “Odamlar o‘zlarining rahbar va olimlarini hurmat qilishda bardavom bo‘lsalar, Alloh ularga farovonlik va tinchlikni ato etib qo‘yadi. Aks holda, ular mazkur ne'matlardan mahrum qilinadilar”. Imom as-Saffaroniy esa: “Albatta, olimlar va ularning sifatlari buyukdir, kimda kim ularni obro‘sizlantirishga urinsa, u eng pastkash va razil odamlardandir. Kim ularni yomon ko‘rsa, u Shaytonga ergashganlardandir”, – deydi.

Aqiyda bo‘yicha ahli sunna val jamoa mazhabining yirik namoyondalari bo‘lgan fiqhiy mazhablar imomlarining har biri o‘ziga xos fiqhiy ijtihod qilganlari va quyida zikr qilinadigan boshqa sabablarga ko‘ra fiqhiy mazhablarda xilma-xillik yuzaga kelgan. Buni ba'zi kishilar dinga zarar keltiruvchi shaxsiy ixtiloflar deb o‘ylaydilar va o‘zlaricha tanqid qiladilar, qoralaydilar. Goh-gohida fiqhiy mazhabni inkor qilib mazhabsizlikka chaqiruvchilar ham chiqib turadi. Ular doimo juda ham ozchilikni tashkil etib, ma'lum bir toifaga mansub kishilar bo‘ladi. Bunday kishilar, asosan, fiqhdan bexabar, ilm ostonasiga endigina qadam qo‘ygan yoki haqiqiy ilmdan bebahra qolgan odamlar bo‘ladi. Ular o‘zlaricha fiqhiy mazhabchilikni ayb va nukson deb biladilar, o‘z fikrlarini isbotlash maqsadida hatto ulug‘ mazhabboshi imomlarga til tekkizishgacha yetib boradilar

Bu hakda Robitatul Olamil Islomiya fiqh akademiyasi mudiri, faziylatli doktor Ahmad Muhammad Mukriy o‘z maqolalaridan birida shunday yozadilar: «Vaqti-vaqti bilan Islom fiqhini o‘z ilmlari ila boyitgan mujtahid imomlar, atoqli ulamolarga qarshi tanqidlarni eshitib turamiz. Odatda, bunday tanqidlar, ulamolarni tanqid qilish u yoqda tursin, balki ularning mazhablari, usullari va qoidalariga nazar solishga qurbi yetmaydigan, endigina talabi ilmni boshlayotgan kishilar tarafidan bo‘ladi». Bu fikrni ulamolarning hammalari qo‘llab-quvvtlaydilar. Avval ham, hozir ham g‘ayratli ulamolar fiqhiy mazhablarni inkor qiluvchi toifa va shaxslarga raddiyalar berib kelishgan.

Avval qayd qilinganidek, aqida bobida ixtilof durust emas, shuning uchun bu narsa Qur'on va sunnatda to‘liq bayon qilingan. Shuningdek, dinimizni asl ruknlarida ham ixtilof durust emas. Buni ham Qur'on va sunnatda bayoni kelgan. Hech kim ijtihod ham qila olmaydi, ixtilof ham. Hech kim besh vakt namozni to‘rt yoki olti vaqt bo‘lishini aytmagan yoki hajni zulhijjadan boshqa oyga ko‘chirish, Arafotdan boshqa joyda vuquf qilishni o‘ylab ham ko‘rmaydi. Biz fiqhiy ixtiloflar deb aytayotgan masalalar davr, jamiyat, hayot tarzi o‘zgarishi bilan o‘zgarib turadigan ba'zi shakliyot narsalarda, xolos. Va bu narsalarda turli tumanlik bo‘lishining o‘zi tabiiydir. Bu boradagi ixtilof zarardan ko‘ra foyda keltiradi. Ulamolarimiz payg‘ambarning (s.a.v.): «Ummatimning ixtilofi rahmatdir», degan hadislarini xuddi shu fiqhiy ixtiloflarga tegishli, deydilar.

Dunyo sobit va o‘zgaruvchan narsalardan iborat. U sobit narsalarning saboti va o‘zgaruvchan narsalarning o‘zgarishi bilan obod. O‘zimiz yashab turgan yer kurrasini olib ko‘raylik. Unda katta, ma'lum va mashhur ummonlar, qurukliklar, dengizlar va yuksak tog‘lar bor. Ular sobit turadilar. O‘zgaruvchan bo‘lsalar bo‘lmaydi. Shuningdek, mazkur narsalar bilan birga yana soy va daryolar, kichik daraxtzorlar, yer maydonlari va hakozolar bor. Ular o‘zgaraib turadi. Chunki hayot o‘zi shuni taqozo qiladi.


Kiritilgan vaqti: 05/04/2021 15:16;   Ko‘rilganligi: 93
 
Material manzili: https://savad-ul-azam.uz/oz/islam/movements/mazhabga-ergashmaslikning-zararlari-va-uning-yomon-oqibatlari-haqida-5-qism
Chop etilgan vaqti: 02/12/2021 21:16