Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Juma mav'izalari

26.03.2021 y. Ijtimoiy tarmoqdan foydalanish odobi

 
 

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ للهِ وَكَفَى، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ الْمُصْطَفَى، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أجْمَعِينَ، أَمَّا بَعْدُ.

Muhtaram jamoat! Insoniyat jamiyati hech qachon bir joyda to‘xtab turmaydi, doimiy ravishda rivojlanish va o‘zgarishda bo‘ladi... Yigirmanchi asrning eng katta kashfiyotlaridan biri bu – xalqaro tarmoq, ya'ni internet bo‘ldi desak, xato bo‘lmaydi. Bu tarmoq qisqa yillarda televideniye, radio, gazeta va jurnallarni orqada qoldirdi. Dunyo bo‘yicha son-sanoqsiz odamlar internet xizmatlaridan foydalanadilar, axborot almashadilar, turli masalalarni hal qiladilar.

Internet paydo bo‘lgandan beri ba'zilar uni ijobiy baholashsa, ba'zilar salbiy tomonlarini gapiradi. Bu mavzudagi maqbul qarash shuki, internet ham televizor, radio kabi bir vosita. Uni yaxshilikka ishlatsak – yaxshi, yomonlikka ishlatsak, yomon narsaga aylanadi. Demak, bizning eng muhim vazifamiz – internetdan yomon maqsadda foydalanayotgan insonlarga, ayniqsa yosh avlodga, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish, zararli oqibatlardan ogohlantirishdir. Boshqa tomondan esa ijtimoiy tarmoqlarda milliy-diniy qadriyatlarimizga zid narsalarni targ‘ib qilayotgan shaxslar ta'siriga tushmaslik yo‘llarini o‘rgatishdir. Zero Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

وَذَكِّرْ فَإِنَّ الذِّكْرَى تَنْفَعُ الْمُؤْمِنِينَ

ya'ni: Eslating! Zero, eslatma mo‘minlarga manfaat yetkazur (Zoriyot surasi 55-oyat).

         Har narsada qonun-qoida bo‘lgani kabi, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda ham o‘ziga yarasha qoida va odoblar mavjud. Jumladan:

1. Ijtimoiy tarmoqqa kirishdan avval umrning qadrini yodga olish. Hadisi sharifda umrning qadri haqida shunday marhamat qilinadi:

لَا تَزُولُ قَدَمَا ابْنِ آدَمَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ مِنْ عِنْدِ رَبِّهِ حَتَّى يُسْأَلَ عَنْ خَمْسٍ: عَنْ عُمْرِهِ فِيمَا أَفْنَاهُ وَعَنْ شَبَابِهِ فِيمَا أَبْلَاهُ وَعَنْ مَالِهِ مِنْ أَيْنَ اكْتَسَبَهُ وَفِيمَا أَنْفَقَهُ وَمَاذَا عَمِلَ فِيمَا عَلِمَ
(رواه الإمام الترمذي عن ابن مسعود رضي الله عنه)

ya'ni: “Qiyomat kuni besh narsa haqida so‘ralmagunicha, Odam bolasining qadami Parvardigori huzuridan siljimaydi: umrini qanday o‘tkazgani; yoshligida qanday ishlar qilgani; boylikni qayerdan topib, qayerga sarflagani va bilgan narsalariga qay darajada amal qilgani so‘raladi” (Imom Termiziy rivoyatlari).

2. Ijtimoiy tarmoqdagi o‘zaro aloqalarda musulmon kishi o‘ziga taqvo va chiroyli xulqni lozim tutishi kerak. Taqvo, yaxshilik va husni xulq haqida Abu Zar al-G‘iforiy raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda:

اتَّقِ اللَّهَ حَيْثُما كُنْتَ، وَأَتْبِعِ السَّيِّئَةَ الْحَسَنَة تَمْحُهَا، وَخَالِقِ النَّاسَ بِخُلُقٍ حَسَنٍ
(رَوَاهُ الامَامُ الترمذي)

ya'ni: Qayerda bo‘lsangiz ham, Allohdan qo‘rqing! Yomonlikka yaxshilikni ergashtirinki, yomonlikni yuvib ketadi! Odamlarga chiroyli xulq bilan muomala qiling!, – deyilgan (Imom Termiziy rivoyatlari).

Afsuski, ijtimoiy tarmoqlarda musulmonlar bir-birini haqorat qilishi, tuhmat, hattoki bo‘hton qilishi, obro‘yiga putur yetkazishi, g‘iybat qilishi, o‘zining ona yurti va jamiyatda fitna urug‘larini sochishi kuzatilib turibdi. Eng yomoni – bunday kishilarda xolislik topilmayapti. Ular ba'zi paytlarda “tirnoq ichidan kir qidirish”ga tushmoqdalar. Lekin ko‘z o‘nglarida turgan yaxshi ishlar, islohotlar va o‘zgarishlarni ko‘rishmayapti. Gohida o‘zlari nima istashayotganini ham anglamay qolishmoqda.

3. Ijtimoiy tarmoq orqali o‘zga jins vakillari bilan munosabat qilishda nomahramlik masalasiga juda ehtiyot bo‘lish kerak. Mana shu masalaga beparvo bo‘lish ko‘p muammolarga sabab bo‘lmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda bir-biriga nomahram bo‘lgan shaxslarning o‘zaro nojo‘ya suhbatlari oilalar o‘rtasidagi ko‘plab ajrimlarga ham sabab bo‘lmoqda. Hali oila qurmagan yoshlar orasida ham ijtimoiy tarmoqlarda turli noshar'iy munosabatlar, hayosizlik, zinoning virtual ko‘rinishlari kuzatilmoqdaki, bu narsalar shariatimizda qat'iyan man qilingan. To‘g‘ri, shariat qoidalariga amal qilib, beg‘araz maqsadlar bilan, zarurat miqdoricha biror ma'lumot olish, so‘rab o‘rganish mumkin. Lekin o‘zaro “elektron muhabbat” aloqalarini o‘rnatish harom hisoblanadi.

4. Ijtimoiy tarmoq orqali yolg‘on xabar va audio hamda uydirma surat va videolarni tarqatmaslik talab qilinadi. Odamlardan eshitgan narsasini surishtirmay gapiraverish gunoh ekaniga quyidagi hadisi sharif ham yaqqol dalil hisoblanadi. Payg‘ambarimiz alayhissalom:

كَفَى بِالْمَرْءِ إِثْمًا أَنْ يُحَدِّثَ بِكُلِّ مَا سَمِعَ
(رَوَاهُ الامَامُ مُسْلِمٌ وَالامَامُ أَبُو دَاوُدَ عن أبي هريرة رضي الله عنه)

ya'ni: “Kishiga gunoh bo‘lishi uchun eshitgan narsasini gapirishining o‘zi kifoyadir”, – deganlar (Imom Muslim va Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Azizlar! Har narsaning yaxshi va yomon tarafi bo‘lganidek, so‘ngi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarning ham jiddiy xatarlari yuzaga chiqmoqda. Jumladan:

5. Kishilarning sha'niga tajovuz qilish avj olmoqda. Eng achinarlisi – ko‘pincha tarqatilgan yolg‘on ma'lumotlar oqibatida insonning obro‘ va sha'ni toptalmoqda, ta'na toshlari otilmoqda, shariatimizda qaytarilgan katta gunohlarga yo‘l ochilmoqda.

Shariatimizga ko‘ra, har bir musulmonning sha'ni va obro‘sini to‘kish – huddi qonini to‘kish yoki molini o‘zlashtirish kabi, boshqa musulmon uchun haromdir. Qolaversa, Payg‘ambarimiz alayhissalom muborak hadisi shariflaridan birida shunday deganlar:

لَمَّا عُرِجَ بِي مَرَرْتُ بِقَوْمٍ لَهُمْ أَظْفَارٌ مِنْ نُحَاسٍ، يَخْمُشُونَ وُجُوهَهُمْ وَصُدُورَهُمْ، فَقُلْتُ: مَنْ هَؤُلَاءِ يَا جِبْرِيلُ؟ قَالَ: هَؤُلَاءِ الَّذِينَ يَأْكُلُونَ لُحُومَ النَّاسِ، وَيَقَعُونَ فِي أَعْرَاضِهِمْ
(رواه الإمام أبو داود عن أنس رضي الله عنه)

ya'ni: “Jabroil alayhissalom meni osmonga olib chiqqanda, bir qavmning oldidan o‘tdim. Ularning misdan tirnoqlari bo‘lib, u bilan yuzlari va ko‘ksilarini timdalashar edi. Men: “Ey Jabroil, bular kimlar?” – deb so‘radim. Shunda: “Ular odamlarning go‘shtini yeb – ularni g‘iybat qilib, obro‘larini to‘kkan kimsalardir”, – deb javob berdilar” (Imom Abu dovud rivoyatlari).

Ushbu hadisi sharifdan dinimizda insonning sha'ni, obro‘si qanchalik qadrli ekanligi, uni poymol qilishning oqibati ayanchli ekani ma'lum bo‘lmoqda.

6. Noto‘g‘ri fatvo va qarashlar tarqalmoqda. Turli oqimlar o‘zlarining manfur qarashlarini yoshlar ongiga singdirish uchun ijtimoiy tarmoqlardan keng ko‘lamda foydalanmoqdalar. Bu esa dindan, diniy ma'rifatdan yaxshi xabardor bo‘lmagan kishilarni, ayniqsa yoshlarimizni, sof aqidadan og‘ib ketishiga, fiqhiy mazhablar borasida noto‘g‘ri fikr va tushunchalar shakllanishiga sabab bo‘lmoqda.

Avvalo shuni aytish kerakki, islom ulamolari yosh avlodga ilmlarni tartib bilan o‘rgatishga alohida e'tibor berganlar. Ilmni o‘rganish – dinni o‘rganishdir! Qolaversa, diniy ilmlarni olishda, fatvo olishda shaxsiyatlar muhimdir. Internet orqali, ijtimoiy tarmoqlar orqali dindan, shariatdan gapirayotgan, lekin aslida kimligi ham, kimdan ta'lim olgani ham noma'lum kimsalardan din olinmaydi. Chunki, fatvo bu – din demakdir!  Shariatimizga ko‘ra esa, uni kim yetkazayotgani muhimdir. Shuning uchun mashhur tobein Muhammad ibn Siyrin rahmatullohi alayhi:

إِنَّ هَذَا الْعِلْمَ دِينٌ فَانْظُرُوا عَمَّنْ تَأْخُذُونَ دِينَكُمْ
(رَوَاهُ الإِمَامُ مُسْلِم)

ya'ni: “Ilm  bu dindir. Dinlaringizni kimdan olayotganingizga qaranglar", – deganlar (Imom Muslim rivoyatlari).

Imom Abu Lays Samarqandiy rahmatullohi alayhi: “Ilmni ishonchli zotlardan olish lozim, chunki dinning ustuni ilm bilandir. Kishi o‘zining jonini ishonadigan kishigagina dinini ham ishonib topshirishi lozim”, – deganlar.

Shuningdek, terrorchilar o‘zlariga tegishli veb-sahifa va ijtimoiy tarmoqlarda “shahidlik”, “jihod”, “hijrat”, “takfir”, “xalifalik” kabi tushunchalarni buzib talqin qilish natijasida ayrim yoshlarni o‘zlarining tuzoqlariga ilintirishga muvaffaq bo‘lishayotgani achinarli hol, albatta.

7. Fahsh va behayoliklar tarqalmoqda. Yovuz niyatli kimsalar g‘arazli maqsadlari yo‘lida va xalqning o‘zligini yemirish uchun turli usullardan foydalanadi. Ulardan biri – jamiyatda axloqiy bu­zuqlikni yoyishdir. Bu yo‘lda g‘alamislar ijtimoiy tarmoq orqali axloqsizlikni, fahshni keng tarqatishga bor imkoniyatlarini sarflamoqdalar. Behayolikka yo‘g‘rilgan tasvirlar, video-roliklar tarqatish orqali yer yuzida fasod tarqashiga “xizmat” qilmoqdalar.

Bu kabi illatlar jamiyatimizda o‘zining salbiy ta'sirlarini ko‘rsatmay qolmaydi. Bu illat katta yoshdagilarning ham, o‘rta yoshdagilarning ham axloqiy buzilishiga olib kelmoqda. Alloh taolo Qur'oni Karimda shunday marhamat qiladi:

قُلْ لِلْمُؤْمِنِينَ يَغُضُّوا مِنْ أَبْصَارِهِمْ وَيَحْفَظُوا فُرُوجَهُمْ ذَلِكَ أَزْكَى لَهُمْ إِنَّ اللَّهَ خَبِيرٌ بِمَا يَصْنَعُونَ

ya'ni: (Ey, Muhammad!) Mo‘minlarga ayting, ko‘zlarini (nomahram ayollardan) quyi tutsinlar va avratlarini (zinodan) saqlasinlar! Mana shu ular uchun eng toza (yo‘l)dir. Albatta, Alloh ular qilayotgan (sir) sinoatlaridan xabardordir (Nur surasi 30-oyat).

Salmon Forsiy raziyallohu anhu: “O‘lib, qayta tirilishim so‘ng yana o‘lib, yana qayta tirilishim, so‘ng yana o‘lib, yana qayta tirilishim – bir musulmon kishining avratiga qarashimdan yoki u mening avratimga qarashidan ko‘ra yaxshiroqdir”, – deganlar (Imom Ahmad "Zuhd" kitobida rivoyat qilganlar).

8. Ahli ilm, imom, ulamo kishilar haqida bo‘hton uyushtiruvchi, ularni obro‘sizlantirishga urinuvchi guruhlar ko‘paymoqda. Ulamolar, imom-domlalarni yaqindan tanimagan, ular haqida aniq ma'lumotga ega bo‘lmagan kishilar mazkur bo‘htonchi guruhlarning ta'siriga tushib, so‘zlariga ishonib, ulkan gunoh bo‘lgan – g‘iybat balosiga mubtalo bo‘lmoqdalar. Bu haqda Hazrati Ibn Abbos raziyallohu anhumo shunday deganlar:

حَرَّمَ اللهُ أنْ يُغْتَابَ الْمُؤْمِنُ بِشَيْءٍ كَمَا حَرَّمَ الْمَيْتَةَ

ya'ni: “Alloh ta'olo o‘laksa go‘shtini harom qilganidek, biror narsada ayblab mo‘minni g‘iybat qilishni ham harom qildi (Imom Bayhaqiy rivoyatlari).

Ijtimoiy tarmoqlar orqali dinimizga bo‘layotgan zararlardan yana biri –  har bir yurtning peshqadam olimlarini tahqirlash, tuhmat-buhton so‘zlari bilan obro‘sizlantirish, ularni nifoqda, kufrda ayblashdir. Ularning bundan o‘ylagan maqsadlari – musulmon ommasini ilmiy rahbarsiz qoldirib, o‘zlariga ergashtirish va boshqarishdir.

9. Kishilarning, xususan yoshlarning ruhiyatiga, axloqiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Ijtimoiy tarmoq orqali fikr bildirish va buning ortidan maqtov (“layk”)larni qo‘lga kiritishga urinish bugungi yoshlarini tobora o‘z domiga tortmoqda. Buning salbiy tomoni shundaki, foydalanuvchi bunday maqtov (“layk”)larni yana va yana olishni istaydi va rohatlanadi. Buning oqibatida ular virtual dunyoga butkul sho‘ng‘ib ketadilar va tashqi dunyodan uziladilar. Ijtimoiy tarmoqlarga bog‘lanib qolgan yoshlar boshqalar bilan jonli muloqotda qiynaladi, odamovi bo‘lib qoladi, do‘stlashishda adashadi. Faqat ijtimoiy tarmoqda topgan “do‘st”larining fikri bilan ish ko‘radigan bo‘lib qoladi.

Muhtaram jamoat! Albatta, ijtimoiy tarmoqni butkul yomonga chiqarishga haqqimiz yo‘q. Ijtimoiy tarmoq ham televideniye, radio kabi bir vosita. Uni yaxshilikka ishlatsa – yaxshi, yomonlikka ishlatsa – yomon natija beradi.

Shunday ekan, bugungi kunning talabi – internetning ijobiy jihatlaridan foydalanib,  dunyo-oxiratimizni obod qiladigan, xalqimizga manfaat keltiradigan ishlarni qilishdir. Har bir musulmon hayotda qanday umuminsoniy va diniy qoidalarga amal qilishi lozim bo‘lsa, internetdan foydalanishda yoki o‘zaro aloqada ham shu asoslarga rioya qilishi shart. Aks holda, turli noqulayliklar va gunoh ishlarga aralashib qolinadi. Demak, yaqinlarimiz, ayniqsa yoshlarni ijtimoiy tarmoqning salbiy jihatlari va oqibatlaridan himoya qilish, doimiy tushuntirish ishlarini olib borish – har birimizning burchimizdir!

Alloh taolo barchamizga ijtimoiy tarmoqlardan oqilona foydalanishni nasib qilib, uni ikki dunyomizning obod bo‘lishiga sababchi vositalardan aylasin! Omin!

 

"Ijtimoiy tarmoqdan foydalanish odobi" nomli mav'izani yuklab olish (PDF formatda)


Kiritilgan vaqti: 25/03/2021 18:29;   Ko‘rilganligi: 91
 
Material manzili: https://savad-ul-azam.uz/oz/islam/juma/26032021-y-ijtimoiy-tarmoqdan-foydalanish-odobi
Chop etilgan vaqti: 06/12/2021 22:47