Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Hadislar

Rosulullohga yaqin bo‘lay desangiz…!

 
 

Ummu Sa'iyd binti Murra Fihriydan, u otasidan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«O‘z yetimini yoki o‘zganing yetimini kafolatiga olgan, agar Allohga taqvo qilsa, men bilan u jannatda mana bu ikkisi kabi yoki mana bu va mana bu kabi bo‘ladi», dedilar.

Sufyon bosh va o‘rta barmoqlariga ishora qildi».
Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Kim Alloh azza va jalla uchun bir yetimning boshini silasa, qo‘li nechta sochning ustidan o‘tsa, shuncha hasanot yoziladi.
Kim o‘z huzuridagi yetim qizga yoki bolaga yaxshilik qilsa, men o‘sha odam bilan jannatda mana bunday bo‘laman» deb ikki barmoqlarini yaqinlashtirdilar».
Yetimga yaxshilik qilish, yetimning boshini silash, unga xayr-ehson qilishning naqadar ulug‘ bir maqom ekanligi, qanchalik buyuk bir martaba ekanligini ana shu so‘zlardan bilib olsak bo‘ladi.
Albatta, odamning boshidagi sochning sanog‘iga yetish qiyin. Biroq, yetim bolaga boshqa hech qanday yordam bermasa ham, uning boshini mehr bilan silab qo‘yishning o‘zi behisob savobga munosib amal ekan. Endi yetimning boshini silash bilan birga uni tarbiyalagan, yedirib-ichirgan, kiyintirgan, boshpana bergan, iymon-e'tiqodni, taqvo, ibodatni o‘rgatgan kishiga yoziladigan hasanotlarning miqdorini o‘zingiz chamalab ko‘ravering…
Dinimizning qanchalik yetimparvarligini ushbu hadislardan bilib olamiz.


Kiritilgan vaqti: 13/03/2021 13:46;   Ko‘rilganligi: 106
 
Material manzili: https://savad-ul-azam.uz/oz/islam/hadiths/rosulullohga-yaqin-bolay-desangiz
Chop etilgan vaqti: 04/12/2021 09:20