Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Hadislar

Men Alloh va Uning Rasulini yaxshi ko‘raman!

 
 

Nabiy (sollallohu alayhi va salam)ni yaxshi ko‘rish U zot bilan jannatlarda birga bo‘lishga sabab bo‘ladi. Anas ibn Molik (raziyallohu anhu)dan rivoyat qilinishicha, bir kishi Nabiy (sollallohu alayhi va salam)dan qiyomat haqida so‘rab: «Qiyomat soati qachon?», dedi. Nabiy alayhissalom unga: «Qiyomat uchun nima tayyorlagansan o‘zi?» dedilar. U «Hech narsa!», - dedi – «Lekin, men Alloh va Uning Rasulini yaxshi ko‘raman».

 Shunda Nabiy (sollallohu alayhi va salam): «Sen o‘zing yaxshi ko‘rganlaring bilan birga bo‘lasan!», dedilar. Anas (raziyallohu anhu) aytadilar: «Biz hech narsadan Nabiy (sollallohu alayhi va salam)ning mazkur «Sen o‘zing yaxshi ko‘rganlaring bilan birga bo‘lasan!», degan so‘zlaridan xursand bo‘lganimizchalik xursand bo‘lmaganmiz». (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy va Imom Abu Dovud rivoyatlari)
Ushbu hadisi sharifdan olinadigan saboqlardan biri shuki, inson solih zotlarni ixlos bilan yaxshi ko‘radigan bo‘lsa, garchi ular kabi amal qilolmagan bo‘lsa ham qiyomatda ular bilan birga bo‘ladi. Zero agar ulardek amalda peshqadam bo‘lganda ularning biri bo‘lib qolar va muhabbatning unga foydasi tegmasdi.


Kiritilgan vaqti: 08/02/2021 18:09;   Ko‘rilganligi: 97
 
Material manzili: https://savad-ul-azam.uz/oz/islam/hadiths/men-alloh-va-uning-rasulini-yaxshi-koraman
Chop etilgan vaqti: 28/11/2021 03:38