Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Hadislar

Bachchavozlarga raddiyalar!

 
 

Fasl
Xolid ibn Valid chekka arab yerlarida ayol singari erga tegadigan bir kishini uchratganini Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuga xabar qildi. Abu Bakr roziyallohu anhu maslahatlashish uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam as'hoblarini to‘pladilar. Shunda Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu: «Bu gunohni faqatgina bir ummat sodir etgan. Alloh ularni qanday jazolaganini o‘zingiz yaxshi bilasiz. Uni yoqib yuborish kerak, deb o‘ylayman», dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning as'hoblari bu fikrni ma'qulladilar. Abu Bakr roziyallohu anhu uni yoqib yuborishni buyurdilar» (Bayhaqiy rivoyati).
Ali roziyallohu anhu aytgan ekanlar: «Kimki xohish bilan o‘ziga yaqinlik qilishlariga imkon bersa, Alloh unga ayollar shahvatini tashlaydi va uni qabrida qiyomat kunigacha toshbo‘ron qilib haydalgan shaytonga aylantirib qo‘yadi».

Rivoyat qilishlaricha, Iso ibn Maryam alayhissalom sayohatlari davomida olovda kuyayotgan bir kishini ko‘rib qoldi. Iso alayhissalom suv olib olovni o‘chirmoqchi bo‘lganlarida olov bolaga, kishi esa olovga aylanib qoldi. Bundan hayratlangan Iso alayhissalom: «Ey Rabbim, ularni dunyodagi holiga qaytar, toki ularga nima bo‘lganini so‘rab olayin», deb duo qildilar. Alloh taolo ularni tiriltirdi. Ular bir kishi va bir bola ekan. Iso alayhissalom ulardan: «Sizlar nima qilgansizlar?» deb so‘ragan edilar, haligi kishi: «Ey Ruhulloh, men dunyoda bu bolaga oshiqu beqaror bo‘lganman. Shahvatim qo‘zib, u bilan buzuqlik qilganman. Ikkimiz ham o‘lganimizdan beri bir safar bola olovga aylanib meni kuydiradi, bir safar men olovga aylanib bolani kuydiraman. Qiyomat kuniga qadar biz shunday azoblanamiz», deya javob berdi. Allohning O‘zi azobiga duchor bo‘lishimizdan saqlasin. U zotdan afv va ofiyat hamda O‘zi rozi bo‘ladigan, yaxshi ko‘radigan amallarga muvaffaq etishini so‘raymiz.

Fasl
Ayolning orqasiga yaqinlik qilish ham bachchavozlik hisoblanib, bu ish Alloh va Rasuli harom qilgan amallardandir.
Alloh azza va jalla aytgan: «Xotinlaringiz sizlar uchun ekinzordir. Bas, ekinzoringizga xohlagan holatingizda yaqinlashavering» (Baqara surasi, 223).
Ya'ni, xohlasangiz old tarafdan, xohlasangiz orqa tarafdan, faqat bir o‘ringa – farjga. Zero, u ziroatgoh, urug‘lik tashlaydigan o‘rin hisoblanadi. Orqa esa najosat o‘rnidir. Orqaga yaqinlik qilish nopok, jirkanchli ishdir.
Mazkur oyatning nozil bo‘lish sababi quyidagichadir: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam zamonlaridagi yahudiylar: «Agar er xotinining oldiga orqa tomonidan yaqinlik qilsa, bola g‘ilay bo‘ladi», deyishar edi. Bu oyat ularning da'volarini inkor qilib tushgan. «Xotinlaringiz ziroatgohingizdir. Bas, ziroatgohingizga xohlagan holatingizda yaqinlashavering». Xohlasa yuz tuban yotib, xohlasa yuz tuban yotmay, biroq bu ish bir o‘ringa qilinishi lozim» (Muslim rivoyati).
Bir rivoyatda: «Orqaga va hayz ko‘rayotganga yaqinlik qilishdan saqlaninglar», deyilgan.
Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Xotinining orqasiga yaqinlik qilgan kimsa mal'undir», dedilar» (Abu Dovud rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Ayollarning orqalariga yaqinlik qiladigan kimsalarni Alloh la'natlasin» (Tabaroniy rivoyati).
Ko‘pgina johillar bu gunohni sodir etadilar. Bu ularning bilimining kamligi va ilmni tinglamasliklari natijasidir. Shu sababli ham, Abu Dardo roziyallohu anhu: «Olim yoki ta'lim oluvchi yoki quloq soluvchi yoxud yaxshi ko‘ruvchi bo‘l. Beshinchisi bo‘lma, aks holda halok bo‘lasan», deganlar. Bu beshinchi bilmaydigan, ta'lim olmaydigan, tinglamaydigan va amal qiladiganlarni yaxshi ko‘rmaydigan kimsadir. Har bir banda barcha gunohu xatolari uchun Allohga tavba qilishi, ilgari bilmasdan qilgan gunohlarini afv etishini Allohdan astoydil so‘rashi va qolgan umrining ofiyatli bo‘lishini tilashi lozim. Ey Allohim, biz Sendan din va dunyoyu oxiratda afvu ofiyat tilaymiz. Albatta, Sen rahmlilarning rahmlirog‘idirsan.
(Gunohi kabiralar kitobidan) tayyorlandi.

Samarqand shahar "Ruhobod" jome masjidi imom xatibi Amirov To‘lqin Barot o‘g‘li.


Kiritilgan vaqti: 06/04/2021 12:53;   Ko‘rilganligi: 121
 
Material manzili: https://savad-ul-azam.uz/oz/islam/hadiths/bachchavozlarga-raddiyalar
Chop etilgan vaqti: 06/12/2021 22:55