Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Фиқҳ

ZAKOTNING MOHIYATI

 
 

SAVOL:

Zakotning mohiyati nima?

JAVOB:

Bismillahir Rohmanir Rohim.
Zakot – Islomning besh farzidan biri, moliyaviy ibodatdir. Uning “o‘sish”, “salohiyat” kabi ma'nolari bor. Istilohda esa boy kishi ma'lum bir mollardan zimmasiga vojib bo‘lgan miqdorni kambag‘alga mulk qilib berishidir. Zakot berishda nisob va yil o‘tishi e'tiborga olinadi.

Zakotning farzligiga Qur'oni karim, hadislar va ummatning ijmosi dalolat qiladi. Alloh taolo shunday deydi:

{ وَأَقِيمُوا الصَّلاَةَ وَآتُوا الزَّكَاةَ }

“Namozni qoim qiling va zakotni bering...” (Baqara surasi 43-oyat). Qur'oni karimda xuddi shu buyruq sakkiz marta takrorlangan.

Payg‘ambarimiz alayhissalom Islom besh narsa ustiga qurilganini zikr qilib ularni ichida zakotni ham sanadilar (Imom Buxoriy rivoyatlari).

U Zot atrofdagi musulmonlarning zakot mollarini yig‘ish uchun xodimlar jo‘natar edilar. Jumladan, Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuni Yamanga jo‘nata turib:

أَعْلِمْهُمْ أَنَّ اللَّهَ افْتَرَضَ عَلَيْهِمْ صَدَقَةً فِي أَمْوَالِهِمْ تُؤْخَذُ مِنْ أَغْنِيَائِهِمْ وَتُرَدُّ عَلَى فُقَرَائِهِمْ (4)

“Ularga ma'lum qilingki, Alloh taolo ularning molida boylaridan olinib kambag‘allariga qaytariladigan bir sadaqani vojib qilgan”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Zakotni bermaydiganlarni Alloh taolo qattiq azob bilan ogohlantiradi:

وَالَّذِينَ يَكْنِزُونَ الذَّهَبَ وَالْفِضَّةَ وَلَا يُنْفِقُونَهَا فِي سَبِيلِ اللَّهِ فَبَشِّرْهُمْ بِعَذَابٍ أَلِيمٍ (34)

“...Oltin va kumushlarni kon (maxfiy xazina) qilib olib, ularni Alloh yo‘lida sarf qilmaydiganlarga alamli azob haqida «xushxabar» bering!” (Tavba surasi 34-oyat).
Vallohu a'lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay'ati.


Kiritilgan vaqti: 19/04/2021 12:29;   Ko‘rilganligi: 91
 
Material manzili: https://savad-ul-azam.uz/oz/islam/fiqh/zakotning-mohiyati
Chop etilgan vaqti: 04/12/2021 09:19