Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Фиқҳ

Tahoratning sunnatlari

 
 

2- dars

Tahoratning sunnatlari

1. Tahoratni «Bismillah...» bilan boshlash;
2. Tahorat qilishga yoki hadasni o‘zidan ketkazishga niyat qilish;
(Izoh: Niyatning o‘rni qalbdir, ulamolar qalbni uyg‘otish uchun nutq qilish mahbub, deyishgan. Bu so‘zni Hujjatul Islom Imom G‘azzoliy “Ihyo ulumid-din” kitobida, niyat bobida keltirgan).

3. Tahoratni boshlashdan avval ikki qo‘lni bo‘g‘inigacha uch marta yuvib olmoq;
4. Tahoratni misvok ishlatish bilan boshlamoq;
5. Suv bilan og‘izni g‘arg‘ara qilmoq; (Buni mazmaza deb ham yuritiladi).
6. Burniga ham uch marta suv olib qoqmoq; (Buni istinsor deb ham yuritiladi).
7. Og‘iz bilan burunga suvni yaxshilab, hatto miya achishguncha olish ham sunnatdir;
Lekin ro‘zador odamning ro‘zasi ochilish ehtimoli borligi uchun burunga miya achishguncha va og‘izga ham tamoqdan o‘tay, deguncha suv olish makruh hisoblanadi.
8. Yuvishlik talab qilingan har bir a'zoni uch martadan yuvmoq;
9. Soqol qalin va yuzni berkitadigan darajada bo‘lsa, pastidan yuqoriga hilol qilish ham sunnatdir. Bu yuzni uch bor yuvgandan so‘ng bajariladi. Ammo soqol siyrak va yuzni berkitmaydigan bo‘lsa, unda suvni soqolning ostiga yetkazish vojib bo‘ladi.
10. Qo‘l va oyoq barmoqlari orasiga hilol qilmoq;
11. Boshning hammasiga mas'h tortmoq;
12. Ikki quloqqa ham boshga mas'h torgandagi nam qo‘l bilan mas'h tortmoq;
13. Yuvish talab qilingan o‘rinlarni suv bilan ishqalamoq;
14. Tahoratning orasiga boshqa ish aralashtirmasdan paydar-pay bajarmoq;
Bunda bir a'zo qurib qolmasdan ikkinchisini yuviladi.
15. Oyati karimadagi tartib kabi tahorat qilish, ya'ni, qo‘ldan oldin yuzni, boshga mas'h tortishdan oldin qo‘lni, oyoqni yuvishdan oldin boshga mas'h tortishni bajarmoq ham sunnatdir;
16. Qo‘l va oyoqlarni o‘ngidan boshlab yuvmoq;
17. Bo‘yinga mas'h tortmoqlik ham sunnatdir. Xalqumga mas'h tortishlik sunnat emas, balki bid'atdir.


Kiritilgan vaqti: 09/02/2021 17:04;   Ko‘rilganligi: 760
 
Material manzili: https://savad-ul-azam.uz/oz/islam/fiqh/tahoratning-sunnatlari
Chop etilgan vaqti: 04/12/2021 08:53