Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Фиқҳ

Tahoratning odoblari

 
 

Tahoratning odoblari

1. Yerdan yuqoriroq o‘ringa o‘tirib tahorat olmoq;
2. Tahorat paytida qiblaga yuzlangan bo‘lmoq;
3. A'zolarni yuvishda boshqa kishidan yordam so‘ramaslik, lekin ojizligi va kasalligi sababli yordam so‘rasa, durust bo‘ladi.
(Izoh: Lekin birov o‘zi yordamchi bermoqchi bo‘lsa, misol uchun tahoratga suv quyib turishlikni istasa buning zarari yo‘qdir. Chunki tahorat qiluvchi undan yordam so‘ramayapti, balki uning o‘zi yordam bermoqchi. Demak buning tahorat odoblariga zid joyi yo‘q).

4. Muboh so‘zlarni tark qilmoq;
5. Og‘izga o‘ng qo‘l bilan suv olmoq; Burunga ham o‘ng qo‘l bilan suv olib, chap qo‘l bilan qoqadi.
6. Yuvish farz bo‘lgan a'zolarning belgilangan joyidan ko‘prog‘ini yuvib, hadisda kelganidek, qiyomatdagi nur va qashqani uzaytirmoq;
7. Kengroq uzukni tahorat vaqtida harakatlantirib qo‘ymoq ham odobdir; Ammo uzuk tor bo‘lsa, uning ostiga suv tegishi uchun harakatlantirish shart bo‘ladi.
8. Tahoratdan so‘ng qiblaga yuzlanib tik turgan holatda shahodat kalimalarini va ma'sur duolarni o‘qimoq:


أَشْهَدُ أَنْ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَحْدَهُ لاَ شَرِيكَ لَهُ وَأَشْهَدُ أَنَّ مُحَمَّدًا عَبْدُهُ وَرَسُولُهُ ، اللَّهُمَّ اجْعَلْنِي مِنَ التَّوَّابِينَ ، وَاجْعَلْنِي مِنَ الْمُتَطَهِّرِينَ

«Ashhadu alla ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rasuluhu. Allohummaj'alniy minat tavvabiyna vaj'alniy minal mutatohhiriyn». (Muslim, Termiziy va Bayhaqiy rivoyati).
Ma'nosi: «Guvohlik beraman, Allohdan boshqa iloh yo‘q, U yolg‘izdir, Uning sherigi yo‘q va guvohlik beramanki, Muhammad Uning bandasi va elchisidir. Allohim, meni tavba qiluvchilardan va poklanuvchilardan qil» .
9. Modomiki, makruh vaqtlar bo‘lmasa, tahoratdan so‘ng ikki rakat namoz o‘qib qo‘yish ham odobdandir.
Nafl namozlarni o‘qish makruh hisoblanadigan vaqtlar quyidagilar:
- Subhi sodiq kirgandan so‘ng to quyosh chiqquncha;
- Quyosh chiqishni boshlagandan to bir nayza bo‘yi ko‘tarilguncha; Bu qariyb yarim soatga boradi.
(Izoh: Shu paytda har qanday namoz o‘qish haromdir. Hatto bomdod namozini qazo qilgan odam shu vaqtni o‘tkazib keyin o‘qiydi).
- Kunduzning o‘rtasida, ya'ni quyosh tikkaga kelganda; Taqriban bu vaqt peshindan yarim soat oldin bo‘ladi. Buni zavol vaqti, deyiladi. (Shu orada ham namoz o‘qish haromdir).
- Asr namozi o‘qib bo‘lingach, to shomgacha bo‘lgan vaqtda nafllar makruhdir;
- Quyoshning nuri ketgan vaqtdan to shomgacha o‘qilgan namoz ham haromdir, bu taqriban quyosh botishidan yarim soat oldingi vaqt hisoblanadi.
(Izoh: Ammo o‘sha kunning asrini o‘qimagan bo‘lsa, uni quyoshning yarmi botayotgan bo‘lsa ham o‘qib oladi.)


Kiritilgan vaqti: 10/02/2021 15:09;   Ko‘rilganligi: 112
 
Material manzili: https://savad-ul-azam.uz/oz/islam/fiqh/tahoratning-odoblari
Chop etilgan vaqti: 02/12/2021 21:06