Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Фиқҳ

NAMOZNING HIKMATLARI

 
 

1. Namoz Islomning ikkinchi rukni, ibodatlarning onasi, toatlarning asosi, gunohlarni yuvuvchi, yomonliklarni qaytaruvchidir.

2. Namoz kalimai shahodatdan keyingi eng ulug‘ farzdir.

U banda Allohning son-sanoqsiz ne'matlariga shukr keltirishi uchun shariatga kiritilgan bo‘lib, uning diniy, tarbiyaviy, shaxsiy, sihhiy, ijtimoiy va boshqa qator foydalari juda ko‘pdir.

3. Namoz bandaning Alloh ila bog‘lanish vositasidir.

Unda banda Alloh bilan yolg‘iz qolib, U Zotga munojot qiladi, barcha dardlarini to‘kib solib, ruhiy, ma'naviy lazzat oladi.

Bu dunyoda hayot kechirayotgan odamning o‘ziga yarasha dardi, hasratlari bo‘ladi. Ularni boshqa odamlarga aytsa, yordam olib bo‘lmasligi mumkin, qolaversa, ular sirini boshqalarga fosh qilib, dard ustiga chipqon bo‘lishadi. Dardu hasratni Alloh taologa aytilganda esa Alloh yordam beradi va sirni fosh qilmaydi. Hech bo‘lmasa, banda dardini to‘kib solib, huzur qiladi.

Namoz o‘qish bilan banda o‘zining barcha ishlarini Alloh taologa topshiradi. Banda o‘z namozi ila o‘ziga omonlik, xotirjamlik va najot tilaydi.

4. Namoz yutuq va najotlar yo‘lidir.

5. Namoz – xato va gunohlarni yuvishning eng ishonchli yo‘li.

6. Namoz o‘z egasiga ko‘plab shaxsiy foydalar keltiradi.

7. Namoz namozxonni Alloh taologa yaqin qiladi, uning irodasini mustahkamlaydi. Faqat Allohdangina izzat talab qilishga o‘rgatadi.

8. Namoz insonni bu dunyo matohlaridan o‘zini yuqori tutishga o‘rgatadi.

9. Namoz o‘z egasiga mislsiz nafsoniy rohat va ruhiy farog‘at bag‘ishlaydi.

10. Namoz o‘qiydigan odam g‘aflat uyqusidan qutulib, ushbu hayotdagi o‘z mas'uliyatini sidqidildan ado etadigan bo‘ladi.

11. Namoz kishiga intizomli bo‘lishni, hamma ishlarni tartibli ravishda yo‘lga qo‘yishni, vaqtni tejash va tartibga solishni o‘rgatadi.

12. Namozxon odam hilm, xotirjamlik, shoshilmaslik, viqor, sabr kabi ko‘plab shaxsiy sifatlarga ega bo‘ladi.

13. Namoz o‘z egasini yuksak insoniy fazilatlarga ega bo‘lishga, turli razilatlardan xoli bo‘lishga olib boradi.

14. Namozning namozxonlar jamiyatiga keltiradigan foydalari ham juda ko‘pdir.

Ma'lumki, namozni masjidlarda jamoat bilan o‘qish afzaldir.

Jamoat bilan namoz o‘qish namozxonlar orasidagi ijtimoiy aloqalarni mustahkamlaydi. Kuch jamoatda ekanini anglatadi. Ijtimoiy bog‘lanish, hamkorlikni kuchaytiradi.

Jamoat namozi kishilar o‘rtasida tenglikni namoyish qiladigan muhim omildir. Namozda hamma, kim bo‘lishidan qat'i nazar, bir joyda, bir safda turadi, bir xil amalni bajaradi va bir Allohga banda ekanliklari izhor qilinadi.

Jamoat namozi musulmonlarning saflari bir, gap-so‘zlari bir ekanini ko‘rsatadi.

Namozda jamoat shaklida imomga bo‘ysunish, bir maqsadga yo‘nalish ko‘rinishlari namoyon bo‘ladi.

Jamoat namozi orqali musulmonlar bir-birlari bilan tanishib, unsu ulfat orttiradilar, yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qilishga odatlanadilar. Ular jamoat namozi tufayli bir-birlarining hollaridan xabar oladilar. Ichlarida bemor, mazlum, hojatmandlar chiqib qolsa, yordam beradilar.

Jamoat namozida qatnashuvchilar bir-birlariga yordam berish bilan birga, xatolarini ham tuzatadilar va o‘z jamiyatlari uchun kerakli bo‘lgan ko‘plab boshqa ishlarni ham amalga oshiradilar.

15. Namoz musulmon kishini g‘ayrimusulmondan ajratib turuvchi asosiy belgidir. Shuning uchun ham namozxon odamni hamma hurmat qiladi, unga ishonadi, undan xotirjam bo‘ladi.

16. Namoz poklik ramzidir.

Namozxon odamning eng avvalo qalbi pok bo‘ladi. Qolaversa, badani, kiyim-boshi va makoni pok bo‘ladi. Namoz kishining ruhiy, ma'naviy va jismoniy sog‘ligi uchun nihoyatda zarur narsa ekani hozirda kofirga ham sir bo‘lmay qoldi.

Qo‘yingki, oxiratdagi foydalarini aytmaganda ham, namozning faqat bu dunyodagi foydalari haqida gapiradigan bo‘lsak, shuning ham adog‘iga yeta olmaymiz.

Namozning ahamiyati ulug‘ligidan, barcha fiqhiy kitoblarimizda namoz uchun kerak bo‘lgan poklik – tahorat bobidan keyin Namoz kitobi keladi. Binobarin, biz o‘rganayotgan kitobda ham shunday bo‘lgan. Keling, namoz haqida yozilgan o‘sha matnlarni o‘rganishga kirishaylik.

«Kifoya» kitobining birinchi juzi asosida tayyorlandi


Kiritilgan vaqti: 26/05/2021 13:29;   Ko‘rilganligi: 96
 
Material manzili: https://savad-ul-azam.uz/oz/islam/fiqh/namozning-hikmatlari
Chop etilgan vaqti: 23/10/2021 10:29