Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

RO‘ZA TUTMASLIKNI YOKI TUTGAN BO‘LSA HAM OCHISHNI MUBOH QILUVCHI HOLATLAR
 
 

Savol:
Ro‘za tutmaslikni yoki tutgan bo‘lsa ham ochishni muboh qiluvchi amallar qaysilar?

Javob:
Ular quyidagilardir:
1. Bemorlik. Halok bo‘lishi, biror a'zosiga talofat yetishi, yangi kasallik paydo bo‘lishi, mavjud bemorligi ziyodalashishi xavfi bo‘lsa. Yuqoridagi holatlarning uzr bo‘lishi uchun o‘z kasbining mohir ustasi bo‘lgan adolatli musulmon shifokor tomonidan tavsiya qilinishi shartdir. G‘ayridin, sohasining ustasi bo‘lmagan, ibodatlarga beparvo shifokorlarning tavsiyalari qabul qilinmaydi.
Bemor o‘z joniga yoki biror a'zosiga talofat yetishidan qo‘rqsa, bilijmo' ro‘zasini ochaveradi.
2. Safar qilish. Musofir kishi ro‘za tutish-tutmaslikda ixtiyorlidir. Imkoni bo‘lsa tutgani afzal. Ro‘za tutganidan so‘ng safarga chiqsa, ro‘zasini ochishga ruxsat berilmaydi. Ochib yuborsa, qazo lozim bo‘lib, kafforat vojib bo‘lmaydi. Ro‘za tutganidan so‘ng safarni niyat qilsayu, o‘z shahridan chiqib ketishidan avval yeb-ichib yuborsa, kafforat lozim bo‘ladi.
3. Majburlanish. Majburlanish ikki qism bo‘ladi: 1) halok bo‘lish yoki biror a'zosiga talofat yetish xavfi, qattiq kaltaklanish xavfi; 2) bu darajaga yetib bormagan majburlash. Agar salomat va muqim bir kishi o‘limtik, qon, to‘ng‘iz go‘shtini yeyishga majbur qilinsa, majburlash turi birinchi qismga oid, ya'ni o‘lib ketish, biror a'zosiga talofat yetish yoki qattiq kaltaklanish kabi bo‘lsa, unga yuqoridagi narsalarning iste'moli halol bo‘ladi. Sabr qilib, yemay o‘lib ketsa, gunohkor bo‘ladi. Birinchi qismga oid majburlanish bilan kufr so‘zini aytishga, ibodatlarni bajarmaslikka zo‘rlansayu, qalbi iymonga xotirjam bo‘lib, kufr so‘zini tilga olsa, ibodatlarni bajarmasa kofir, gunohkor bo‘lmaydi.
Bemor va musofirlar birinchi qismga oid majburlanish bilan ro‘za tutishga majburlansalar ro‘zalarini ochadilar, balki vojib ham bo‘ladi. Hattoki, ro‘zasini ochishdan bosh tortib o‘lib ketishsa, gunohkor bo‘lishadi);
Agar o‘laksa, qon, to‘ng‘iz go‘shtini yeyishga yoki xamr ichishga (qamab qo‘yish, urish, kishanlash kabi) ortiqcha qiynamay majburlansa, ularni yeyish va ichish halol bo‘lmaydi. Agar qattiq majburlansa (o‘ldirish, biror a'zosiga talofat yetkazish, qattiq urish kabi), halol bo‘ladi. Sabr qilaman, yemayman deb o‘lib ketsa gunohkor bo‘ladi. Shuningdek, kufrga shu kabi qattiq majburlansayu, qalbi iymonga xotirjam bo‘lsa, kufr lafzini aytishiga ruxsat beriladi. Aytmasa, sabr qilsa, savob oladi. Ro‘za, namoz kabi Allohning haqlarini buzish ham shunday.
4. Homiladorlik;
5. Emizish (homilador yoki emizikli ayolga o‘zining yoki bolasining joniga nuqson yoki halokat yetish xavfi bo‘lsa, ro‘za tutmaslikka, tutgan bo‘lsa ochib yuborishga ruxsat beriladi. Bu narsalar tajriba bilan yoki gumoni g‘olib bo‘lishi yoki musulmon, o‘z ishining ustasi bo‘lgan shifokor tavsiyasi bilan bilinadi)
Homilador yo emizikli ayol o‘z joniga yoki bolalariga xavf sezsa, ro‘zasini ochadi. Kafforat vojib bo‘lmaydi.
6. Ochlik;
7. Chanqoqlik (bu holatlar halokat yoki bemorlikka olib borsa, ro‘zani ochish uchun uzr sanaladi);
8. Qarilik (erkagu ayol yoshi qartayib, ro‘za tutishga kuchi yetmasa, bu holat umrining oxirigacha davom etsa, ro‘za tutmasdan badaliga fidya to‘lashlari lozim bo‘ladi).
Sog‘ayishdan umidini uzgan, surunkali kasallikka duchor bo‘lgan bemorga kasalligi tufayli har kunlik ro‘zasi evaziga fidya to‘lashi vojib bo‘ladi Agar yuqoridagi kishilar yozning uzun kunlarida tuta olmay, qishning qisqa kunlarida tutishga qudratlari yetsa, ro‘za tutishlari farz bo‘lib, fidya kifoya qilmaydi.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh «Mo‘minning qalqoni» kitobidan


Kiritilgan vaqti: 01/05/2021 13:51;   Ko‘rilganligi: 70
 
Material manzili: https://savad-ul-azam.uz/oz/islam/fatwah/roza-tutmaslikni-yoki-tutgan-bolsa-ham-ochishni-muboh-qiluvchi-holatlar
Chop etilgan vaqti: 02/12/2021 21:48