Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Istinjo hakida
 
 

SAVOL: – Assalomu alaykum, Shayx hazratlari. Din ishlarida uyalib bo‘lmaydi degan gap borligi uchun sizdan men uchun ixtilofli bo‘layotgan bir masalani so‘ramoqchiman.

 Bir birodarim aytdiki: agar hojatxonaga faqat kichik hojat bilan kirsang, istinjo qilmasa ham bo‘laveredi. Faqat kiyimga tegmasligi uchun kog‘ozga yoki kesakka yaxshilab artib olsa bo‘ldi dedi. Chunki, ko‘p yuvaverish erkak kishiga sovuq kelib ketadi dedi. O‘zimizning masjidni imomidan so‘rasam, "unday emas, ikkala avratning qaysi biridan kelsa ham istinjo qilinadi" dedi. Bu masalani yana bir-ikki ilmli odamlardan so‘radim. Lekin ikki xil javob olyapman.

JAVOB: – «Istinjo» lug‘atda axlat ketkazishdir. Fuqaholar istilohida esa, najosatni suv va unga o‘xshash narsa ila ketkazish yoki toshga o‘xshash narsa ila artishga istinjo deyiladi. Demak, sizning savolingizda kelgan «qog‘ozga yoki kesakka yaxshilab artib olish» ham istinjo. So‘ng uni yuvmoqlik odobdir.

Ibn Moja, al-Hokim va Bayhaqiylar Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: «Unda poklanishni yaxshi ko‘radigan erlar bor» oyati nozil bo‘lganda Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: «Ey Ansoriylar jamoasi! Alloh sizlarni poklikda maqtadi. Sizning pokligingiz nimadir?» dedilar. «Namozga tahorat qilamiz. Janobatdan g‘usl qilamiz. Suv ila istinjo qilamiz», deyishdi. «Mana shuningiz! Uni mahkam tutingiz!» dedilar».

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh


Kiritilgan vaqti: 18/06/2021 09:35;   Ko‘rilganligi: 71
 
Material manzili: https://savad-ul-azam.uz/oz/islam/fatwah/istinjo-hakida
Chop etilgan vaqti: 04/12/2021 10:26