Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Inson a'zosini ko‘chirish
 
 

Fiqhiy kitoblarda bu to‘g‘rida shunday deyiladi:

Birinchidan, agar a'zosi olinayotgan kishi o‘lgan bo‘lsa va o‘zi vasiyat qilgan yoki o‘limidan oldin ruxsat bergan bo‘lsa bunga mone' yo‘q. Chunki haromligi xususida suyansa bo‘ladigan dalil kelmagan. Mayyit a'zolarining hurmatga loyiqligi undan tirik foydalanishini ma'n etmaydi. Chunki shariatimizda qaror berilgan shunday qoidalar bor: “Muhimga undan ham ko‘ra muhimroq muqaddam qilinadi”. “Zaruratlar ma'n etilganlarni muboh qiladi”.

Agar vasiyat qilmagan yoki o‘limidan oldin rusat bermagan bo‘lsa, shunda uning valiylari izn bersa joiz. Agar izn bermasalar, joiz deganlar ham, joizmas deganlar ham bor. Lekin shubha yo‘qki, tirikni saqlab qolish zarurati haromni muboh qiladi. Bunday a'zo ko‘chirish esa odatda zarurat yuzasidan bo‘ladi.

Ikkinchidan, agar a'zosi ko‘chirilayotgan inson tirik bo‘lsa, a'zosi ko‘chirilishi uni o‘limga olib boradigan bo‘lsa, o‘zi bunga ruxsat bersa ham, bu ish haromdir. Chunki bu o‘z joniga qasd qilish hisoblanadi. Agar o‘zi ruxsat bermagan bo‘lsa, bir jonni nohaq o‘ldirish hisoblanadi. Ma'lumki bu ikki ish ham shariatimizda harom qilingan.

Agar ko‘chirilayotgan a'zo o‘limga olib bormasa, ya'ni usiz ham yashash mumkin bo‘lgan a'zo bo‘lsa, bu holda qaraladi: agar unda vojibni qilolmaslik yoki harom ishga yordam bo‘lsa joiz emasdir. Masalan ikki qo‘lni yoki ikki oyoqni barobar ko‘chirilganda tirikchilik qilishdan ojiz bo‘lsa yoki noshar'iy yo‘llarda yursa, bu holatda izn va iznsiz bo‘lsin haromdir.

Agar bunday bo‘lmasa, masalan ikki buyrakdan, ikki ko‘zdan yoki tishlardan birini yoxud qon beradigan bo‘lsa, iznsiz holda harom va evazini to‘lash vojib bo‘ladi. Bu to‘g‘rida fiqh kitoblarining nafsga va a'zolarga jinoyat bo‘limida batafsil so‘zlangan. Agar bu hol izni bilan bo‘lsa, bir jamoa baribir harom sanashadi. Ular odamzot mukarramligini, birov uning a'zolaridan foydalanishi bu mukarramligiga zidligini va undan kesilgan narsa ko‘milishi lozimligini dalil qilishadi. Imom Navaviy sochni odam sochi bilan ulash haromligi to‘g‘risida gapirib: “Mukarramligi uchun odamning sochi va boshqa a'zolaridan foydalanish haromdir. Balki uning sochi, tirnoqlari va boshqa a'zolarini dafn qilinadi”, deydilar.

Bu fikr egalariga quyidagicha javob berilishi mumkin: Sochni sochga ulash haromligi to‘g‘risida agar u aldash, hiyla yoki fitna uchun bo‘lmasa ixtilof qilingan. Uning ko‘mish vojibligi haqida sahih dalil yo‘q. Unga borib zaruratlar harom narsalarni muboh qiladi.

Buni joizmas deganlar o‘zlarining hukmlariga yana inson jismi o‘zining mulkimas, undan foydalanish mumkin emas, degan fikrni dalil qilishadi. Lekin bu fikr ham to‘liq ishonchli va rozi bo‘linadigan emas. Zero inson hayoti va joniga molik emas. Shundan joniga qasd qilish va o‘zni halokatga yo‘liqtirish joiz emas. Illo islom buyurgan holatlargina bundan istisnodir. Ammo inson moddiy a'zolariga egadir, zarar ehtimoli yo‘q holatlardan ulardan foydalanish huquqiga ega. Zero Islomda zarar berish ham, zarar ko‘rish ham yo‘q.

Bu mazkur mavzudagi hukm xulosasi. Ko‘chirilgandan keyin a'zo salomat qolish va qolmasligi esa ishonchli mutaxassislar hukmiga havola. Ayrim insonlar jasadi unga ko‘chirilgan a'zolarni qabul qilmaydi. Ilm ana shu holatni yengishga harakat qilmoqda. Demak biz a'zolarni ko‘chirish joizligini ma'qullarkanmiz, uning evaziga haq olish mumkinmi, degan savolga javob berishimizga to‘g‘ri keladi. Bu to‘g‘rida ham islom ulamolari ixtilof qilishadi. Nima bo‘lgan taqdirda ham ko‘chirilgan a'zoni savdoga qo‘ymagan ma'qul. Chunki unga muhtoj hayotni qutqarishga har qanday evaz teng kelolmaydi. Lekin oldindan shart qilinmagan holda chin ko‘ngildan berilgan hadyani qabul qilishga mone'lik yo‘qdir.


Kiritilgan vaqti: 15/09/2021 10:24;   Ko‘rilganligi: 24
 
Material manzili: https://savad-ul-azam.uz/oz/islam/fatwah/inson-azosini-kochirish
Chop etilgan vaqti: 23/10/2021 09:18