Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Qur'on oyatlari

Ogoh bo‘linglar, dunyo va undagi narsalar la'natlangandir!

 
 

بِسْمِ اللَّـهِ الرَّحْمَـٰنِ الرَّحِيمِ

وَإِذَا قِيلَ لَهُمْ أَنفِقُوا مِمَّا رَزَقَكُمْ اللَّهُ قَالَ الَّذِينَ كَفَرُوا لِلَّذِينَ آمَنُوا أَنُطْعِمُ مَن لَّوْ يَشَاء اللَّهُ أَطْعَمَهُ إِنْ أَنتُمْ إِلَّا فِي ضَلَالٍ مُّبِينٍ

“Ularga: “Alloh sizlarga rizq qilib bergan narsalardan ehson qilinglar”, — deyilsa, kofir bo‘lgan kimsalar imon keltirgan zotlarga (istehzo bilan): “Alloh xohlasa, O‘zi taom beradiganlarni bizlar taomlantiramizmi?! Sizlar ochiq oydin zalolatdasiz”, deyishadi”. (Yosin surasi. 47- oyat)

Sharh: Rizqni hammaga – kofirga ham, mo‘minga ham, yaxshiga-yu yomonga ham, kattaga- yukichikka ham faqat Alloh taoloning O‘zi beradi. Rizq topishga imkoniyat va qobiliyat beradi, rizq yo‘llarini ochib qo‘yadi.

Musulmon banda o‘ziga Alloh taolo bergan rizqdan Uning yo‘lida ehson – nafaqa qilib turadi. Kofirlar esa baxillik qilib, Allohning yo‘lida ehson qilishdan bosh tortishadi. Agar ularga “Sizlar ham o‘zlaringizga ato etilgan narsalardan ehson qilib turinglar” deyilsa, “Alloh xohlaganlariga taom bersa ham bizlar ularga ehson qilamizmi?” deb shakkoklik qilishadi. Hatto nasihat qilgan mo‘minlarni zalolatda yurganlikda ayblashadi. Mol – dunyo juda katta  ofatdir, qiyin imtihondir. Agar mol – dunyo halol yo‘llar orqali mo‘minning qo‘liga tushsa buni Allohning bir sinovi sifatida qabul qilib, uni o‘z joyiga sarflaydi, ya'ni oilasining nafaqasidan ortganini sadaqa va ehson qiladi, molining zakotini beradi, muhtojlarga xayriya uchun ajratadi, bundan boshqa Alloh buyurgan savobli ishlarga xarjlaydi. Ammo iymoni sust yoki iymonsiz kimsa boylik ketidan zir yuguradi, harom mol to‘playdi, baxillik bilan uni sarflashdan voz kechadi va to‘plab ko‘paytirishga zo‘r beradi. Uning ko‘zini hirs pardasi qoplab, hech narsani: atrofdagi muhtojlarni ham ko‘rmaydi, pul ko‘yida haromdan va zulmdan ham qaytmaydi, o‘g‘irlikdanu pora olish – berishdan ham jirkanmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Oxirat rohati oldida dunyoning rohati xuddi sizlardan biringiz barmog‘ini dengizga suqqanda birga ilashib chiqqan suv qancha bo‘lsa, shu miqdordadir”, dedilar (Muslim rivoyati). Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ogoh bo‘linglar, dunyo va undagi narsalar la'natlangandir. Faqatgina Allohning zikri, shunga yaqin narsalar hamda ilm beruvchi va ilm oluvchilar bunday emas”, dedilar (Termiziy rivoyati). Umaviy xalifalardan biri Makka haramida ulug‘ bir olim bilan uchrashib qoldi. Xalifa: “Biror hojating bo‘lsa so‘ragin”, dedi. Shunda olim: “Allohga qasam, Allohning uyida turib Allohdan boshqasidan so‘rashdan hayo qilaman, Allohdan boshqasidan so‘rash o‘ta mahol narsa”, dedi. Olim: “Egasidan so‘ragan narsamni egasi bo‘lmagandan so‘raymanmi?” dedi. Xalifa yana: “Ehtiyojing bo‘lsa so‘ra”, dedi. Oli: “Do‘zaxdan qutqarib, meni jannatga kirit”, dedi. Xalifa: “Bunday shartni bajarishga qodir emasman”, dedi. Shunda olim: “Unday bo‘lsa senda hojatim yo‘q”, deb javob berdi.

“Tafsiri Irfon” kitobidan.


Kiritilgan vaqti: 03/02/2021 12:13;   Ko‘rilganligi: 100
 
Material manzili: https://savad-ul-azam.uz/oz/islam/ayahs/ogoh-bolinglar-dunyo-va-undagi-narsalar-lanatlangandir
Chop etilgan vaqti: 04/12/2021 10:25