Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Qur'on oyatlari

Nega qilmaydigan narsangizni gapirasizlar?

 
 

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا لِمَ تَقُولُونَ مَا لَا تَفْعَلُونَ

  1. Ey iymon keltirganlar! Sizlar nega qilmaydigan narsangizni gapirasizlar?

Musulmonlarga Alloh yo‘lida jang qilish farz etilishidan oldin bir guruh mo‘minlar agar Alloh taolo O‘ziga eng suyumli amalga buyurganda uni bajarib, ulkan savoblarga erishardik, degan orzuda yurishardi. Shunda Alloh taolo O‘z Payg‘ambari alayhissalomga xabar yuborib, jihodni farz qildi, ammo avval Allohning roziligi uchun hamma narsaga tayyorliklarini aytib yurganlarga bu amr mashaqqatli tuyuldi, og‘ir keldi. Shundan so‘ng Alloh taolo yuqoridagi oyatni nozil qilib, qilmaydigan narsalarini gapirmaslik haqida ularni ogohlantirdi.

 

كَبُرَ مَقْتًا عِندَ اللَّهِ أَن تَقُولُوا مَا لَا تَفْعَلُونَ

  1. Qilmaydigan narsangizni gapirishingiz Allog‘ huzurida qattiq nafratlidir. (Sof surasi, 2-3 oyatlar)

Rivoyat qilinishicha, bir guruh musulmonlar bir yerga jamlanib, “Agar Allohga maqbul bir ish bo‘lganida bizlar o‘shani qilib, Parvardigorning roziligini topgan bo‘lar edik”, deyishdi. Shunda ushbu oyatlar nozil qilinib, bandalarga o‘zlari qilmaydigan narsani gapirish Alloh huzurida eng nafratga sazovor ish ekani xabar qilindi. Ya'ni, aytgan gapiga amal qilish mo‘min uchun shunchalar muhimdir. Oyatdan ma'lum bo‘lyaptiki, aytgan gapini qilmaganlar Allohning huzurida qattiq nafratga qolishsa, qilmagan ishini qildim deydiganlar bundan ham yomonroqdir.

 

“Tafsiri irfon” kitobidan


Kiritilgan vaqti: 11/02/2021 14:30;   Ko‘rilganligi: 91
 
Material manzili: https://savad-ul-azam.uz/oz/islam/ayahs/nega-qilmaydigan-narsangizni-gapirasizlar
Chop etilgan vaqti: 06/12/2021 23:24