Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Qur'on oyatlari

Najot toptiradigan tijoratga dalolat qilaymi?

 
 

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا هَلْ أَدُلُّكُمْ عَلَىٰ تِجَارَةٍ تُنجِيكُم مِّنْ عَذَابٍ أَلِيمٍ (10) تُؤْمِنُونَ بِاللَّهِ وَرَسُولِهِ وَتُجَاهِدُونَ فِي سَبِيلِ اللَّهِ بِأَمْوَالِكُمْ وَأَنفُسِكُمْ ۚ ذَٰلِكُمْ خَيْرٌ لَّكُمْ إِن كُنتُمْ تَعْلَمُونَ (11) يَغْفِرْ لَكُمْ ذُنُوبَكُمْ وَيُدْخِلْكُمْ جَنَّاتٍ تَجْرِي مِن تَحْتِهَا الْأَنْهَارُ وَمَسَاكِنَ طَيِّبَةً فِي جَنَّاتِ عَدْنٍ ۚ ذَٰلِكَ الْفَوْزُ الْعَظِيمُ (12)

        

  1. Ey iymon keltirganlar! Sizlarni alamli azobdan najot toptiradigan tijoratga dalolat qilaymi?

Iymonning g‘olib, islomning boshqa dinlardan ustun bo‘lishini bayon qilib berganidan so‘ng Alloh taolo mo‘minlarning azobdan qutqaruvchi ko‘plab yaxshiliklarga yetkazuvchi “tijorat” ga targ‘ib qiladi. Alloh taolo bilan mo‘minlar o‘rtasidagi bu tijorat naqadar saodatli, sharafli va ulkan foyda keltiruvchidir. Mo‘minlar bu “tijorat”laridan xursand bo‘lishlari, Allohning roziligini topish yo‘lida jang qilish oliy saodat ekanini yaxshi anglab ish qilishlari kerak. 

  1. Allohga va Uning Rasuliga iymon keltirasizlar hamda Uning yo‘lida molingiz va joningiz bilan jihod qilasizlar. Agar bilsangiz, ana shu siz uchun yaxshidir.

Allohga iymon keltirishni istagan inson hayotda Uning nozil qilgan Qur'oni Karim ta'limoti asosida yashashni taqozo qilsa, Allohning RosuliMuhammad alayhissalomga iymon keltirish esa hayotda u kishidan o‘rnak olib, sunnatlariga amal qilib yashashni talab etadi. Demak, mo‘min kishi Alloh – ga va uning Rosuliga iymon keltiradigan so‘ng uning yo‘lida moli va jonini fido qilib kurash olib borishi, ya'ni jihod qilishi kerak bo‘ladi. “Jihod” so‘zi lug‘atda insonning bor imkoniyatini ishga solib, jiddu jahd, harakat qilishini anglatadi. Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak musulmon odam najotga yerishmoqchi bo‘lsa, o‘zining kuch- quvvati, aql zakovati va moddiy imkoniyatlarini Alloh yo‘lida, Uning dini uchun sarflashi kerak.

  1. Gunohlaringizni kechirur va sizlarni ostlaridan anhorlar oqib turgan jannatlarga va adn jannatidagi yaxshi maskanlarga kiritur. Ana o‘sha buyuk yutuqdir.

Ya'ni, Allohga va Uning Rosuliga iymon keltirsangiz Alloh yo‘lida molingiz va joningiz bilan jihod qilsangiz Alloh taolo avvalo, bu dunyoda gunohlaringizni kechiradi, oxiratda esa ostilaridan anhorlar oqib turuvchi jannatlarga, mangu yashaladigan Adn jannatidagi pokiza maskanlarga kiritadiki, u insonlar uchun ikki dunyoda eng katta yutuqdir. Samura ibn Jundub roziyallohu anhu shunday so‘zlab bergan: “Rosululloh sollollohu alayhi vasallam bizga dedilar: Bu kecha menga Ikkitasi keldi. Ikkovi meni turg‘izdi. Oltin g‘isht va kumush g‘ishtlardan qurilgan bir shahar yetib keldi. Xilqatlarining yarmi sen qurgan eng go‘zal shaklda, boshqa yarmi esa sen qurgan eng xunuk shaklda bo‘lgan kishilar bizni qarshi olishdi. Ikkovi ularga: “Borib anavi anhorga tushinglar”, deyishdi. Ular unga tushishdi. Keyin oldimizga qaytib kelishdi. Ulardan haligi yomonlik ketib, eng go‘zal suratda bo‘lib qolgan edilar. Ikkovi menga: “Mana shu Adn jannatidir. Xov anavi sizning manzilingiz. Yarmi go‘zal, yarmi xunuk bo‘lgan qavmga kelsak, ular solih amal bilan yomon ishni aralashtirib yuborganlardir. Alloh ulardan o‘tib yubordi”, deyishdi” (Buxoriy rivoyati)

(Tafsiri irfon) kitobidan


Kiritilgan vaqti: 13/03/2021 11:33;   Ko‘rilganligi: 95
 
Material manzili: https://savad-ul-azam.uz/oz/islam/ayahs/najot-toptiradigan-tijoratga-dalolat-qilaymi
Chop etilgan vaqti: 06/12/2021 22:50