Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Qur'on oyatlari

Do‘zaxga qulamaslikning chorasi – Qur'onni mahkam ushlashdir!

 
 

Alloh taolo muborak kalomida shunday deydi:

وَٱعْتَصِمُواْ بِحَبْلِ ٱللَّهِ جَمِيعًا وَلَا تَفَرَّقُواْ

«Allohning arqonini birgalikda mahkam tuting va tarqoq bo‘lmang» (“Oli Imron” surasi, 103-oyat).

«Arqon» ‒ najotga, omonlikka olib chiquvchi vositadir. Arab tilida eminlikni ham «arqon» deb atash bor.

«Allohning arqoni»ni ko‘pchilik mufassirlarimiz Qur'oni Karim deb tafsir qilganlar. Ha, Allohning yer yuziga tushirgan arqoni Uning kalomidir. Bu haqda Imom Tabaroniy Abu Sa'id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Allohning kitobi – Allohning osmondan yergacha tortilgan arqonidir», dedilar».

Imom Tabaroniy, Bazzor, Ibn Abu Shayba va Bayhaqiylar Aliy roziyallohu anhudan rivoyat qilgan uzun hadisda jumladan shunday deyiladi:

«Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Ogoh bo‘ling! Albatta, fitna bo‘ladi!» deyayotganlarini eshitdim. Shunda: «Undan chiqish nima bilan bo‘ladi, ey Allohning Rasuli?» dedim. U Zot:

«Allohning kitobi ila. Unda sizdan oldin bo‘lgan narsalarning ma'lumotlari, sizdan keyingi narsalarning xabari va orangizdagi narsalarning hukmi bor. U ajrim qiluvchidir, hazl emasdir. Kim biror zo‘ravonni deb uni tark qilsa, Alloh uning umurtqasini sindiradi. Kim undan boshqadan hidoyat izlasa, Alloh uni zalolatga ketkazadi. U Allohning metin arqonidir», dedilar».

Ha, Qur'oni Karim Alloh taoloning insoniyatni dunyo qiyinchiliklaridan va oxirat azobidan qutqarish uchun tushurgan arqonidir. Qur'oni Karim hayvoniylik chohidan malaklik cho‘qqisiga olib chiquvchi nurli arqondir. Qur'oni Karim g‘aflat botqog‘idan qutulish uchun yagona vositadir.

Ustozimiz shayx Muhammda Sodiq rahmatullohi alayh ushbu oyat tafsirida jumladan shunday deydilar:

«Oyati karimadagi «Allohning ipi» degan iboradan Qur'oni Karim tushuniladi. Jarga qulash xavfidagi inson ip-arqonni mahkam ushlasa, qutilib qolganidek, do‘zax tubiga qulamaslikning  ham birdan-bir chorasi – Qur'oni Karimni mahkam ushlashdir. Shundagina inson najot topadi. Musulmon ummati najot topishi uchun barcha bir bo‘lib Allohning kalomi Qur'oni Karimni mahkam tutishlari lozimdir».

Ba'zi mufassirlar «Allohning arqoni» deganda Islom dini nazarda tutilgan deydilar. Bu ham oldingi tafsir bilan deyarli bir ma'noga ega. Yana bir guruh mufassirlar uni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam deb ta'vil qiladilar. Ya'ni, «Allohning Rasuli etagini mahkam tuting, uning atrofida jamlaning, undan uzoqlashmang!»

Ibn Mas'ud roziyallohu anhu: «Allohning arqoni ‒ jamoat, ya'ni musulmonlar ommasidir», deydilar. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatlarining ko‘pchiligi hidoyatda bo‘lishini, ko‘pchilikni mahkam tutishni qattiq tayinlaganlar. Bu ma'no oyatning davomida ham ta'kidlanadi:

«... va tarqoq bo‘lmang». 

Tarqoq bo‘lmang, aks holda, Allohning arqonini qo‘ldan berib, halokatga uchraysiz. Ushbu oyatdan o‘zaro tafriqaga tushish Allohning arqonini tutishning ziddi ekani anglashiladi. Demak, tafriqaga tushish Allohning arqonini qo‘yib yuborish, uning najotidan uzoqlashish ekan.

Imom Muslim rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deydilar: «Alloh sizlarda uch narsaga rozi bo‘ladi va uch narsani yomon ko‘radi: Uning O‘ziga ibodat qilib, shirk keltirmaslingingiz, barchangiz Allohning arqonini mahkam tutib, bo‘linib ketmasligingiz va sizga ishboshi bo‘lgan kishiga xayrxoh bo‘lishingizga rozi bo‘ladi. Qiylu qol, ko‘p savol berish va molni zoye qilishingizni yomon ko‘radi».

Tarixga nazar solinsa, musulmonlar ushbu ilohiy nasihatga amal qilganlarida faqat zafar quchganlar, unga zid yurganlarida mag‘lub bo‘lib, azobu uqubatga qolganlar.

Afsuski, bugun ko‘p musulmonlar na bu oyati karimadan nasihat oladilar va na tarixiy tajribalardan saboq oladilar. Birlashishlari uchun minglab sabab, turtki va omillar bor, birortasiga qiyo boqib qo‘yishmaydi. Ammo tafriqa uchun bahona istab turgandek, birgina sabab topib qolishsa bas, har kim o‘zini to‘g‘ri deb, hidoyatda sanab, boshqani gumrohlikda ayblab, tumtaraqay bo‘lib ketaverishadi. Shuning uchun ham hozirda nima balo bo‘lsa, musulmonlarning boshida bo‘lmoqda. O‘ldirilayotganlar ham, talanayotganlar ham, qiynoqqa solinayotganlar ham asosan musulmonlar. Ammo shunda ham o‘zlariga kelmayotganlari yanada achinarli hol. Xilma-xil firqalarga bo‘linib, janjallashib, bir-birini kofirga chiqarib, hatto xunrezlikkacha boradiganlar ham topilayotgani esa eng katta musibatdir.

Musulmonlar shu paytgacha tashqi dushmanga mag‘lub bo‘lmaganlar, faqat ichki nizo sababligina mag‘lubiyatga uchraganlar. Bugun ham ularning zaiflashuvi, musibatlarining asosiy sababi ixtilof va tafriqaga tushish bo‘lmoqda. Aslida esa Islom o‘zaro muhabbat, birodarlik ruhini taratuvchi dindir.

Manbalar asosida tayyorlandi


Kiritilgan vaqti: 30/01/2021 15:34;   Ko‘rilganligi: 205
 
Material manzili: https://savad-ul-azam.uz/oz/islam/ayahs/dozaxga-qulamaslikning-chorasi-quronni-mahkam-ushlashdir
Chop etilgan vaqti: 04/12/2021 10:27