Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Qur'on oyatlari

Aqlni ishlatmaslik oxirat azobiga sabab bo‘ladi!

 
 

Aslida ilm degani ishlarni aql yordamida bajarish, demakdir. Aql esa uchragan narsani tushunib olish qobiliyatidir. Qur'on barcha ishlarda aql bilan ish yuritishga chaqiradi, aqlni ishlatmaganlarni qattiq tanqid qiladi. Qur'oni karimda aqlga taalluqli so‘zlar 50 marta ishlatilgan. «Aql egalari» degan jumla esa 10 martadan ko‘proq ishlatilgan. Shuning o‘zi ham Qur'on aqlga katta e'tibor berganining dalilidir.

Qur'on aqlning ulkan ne'mat ekanini shunday bayon qiladi:

إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآيَاتٍ لِّقَوْمٍ يَعْقِلُونَ

«Bunda, albatta, aql yurituvchi qavmlar uchun oyat(belgi)lar bordir» (Ra'd surasi, 4-oyat). 

 

قَدْ بَيَّنَّا الْآيَاتِ لِقَوْمٍ يُوقِنُونَ

«Batahqiq, aniq ishonuvchi qavmlarga oyatlarni bayon qilganmiz» (Baqara surasi, 118-oyat) va hokazo.

Boshqa oyatlarda esa Alloh taolo aqlni ishlatmaganlarni ayblaydi:

«Allohning huzurida jonzotlarning eng yomoni, albatta, karu soqov bo‘lib, aql yuritmaydiganlardir» (Anfol surasi, 22-oyat).

 

أَمْ تَحْسَبُ أَنَّ أَكْثَرَهُمْ يَسْمَعُونَ أَوْ يَعْقِلُونَ إِنْ هُمْ إِلَّا كَالْأَنْعَامِ بَلْ هُمْ أَضَلُّ سَبِيلً

«Yoki ularning ko‘plari tinglay olurlar, yoki aql yurita olurlar deb hisoblaysanmi? Ular chorva kabidirlar, xolos. Balki ular yana ham yo‘ldan adashganroqdirlar» (Furqon surasi, 44-oyat). 

Boshqa bir oyatda aqlni ishlatmaslik oxirat azobiga sabab bo‘lishini eslatadi:

وَقَالُوا لَوْ كُنَّا نَسْمَعُ أَوْ نَعْقِلُ مَا كُنَّا فِي أَصْحَابِ السَّعِيرِ

«Va ular: «Agar quloq osganimizda yoki aql yuritganimizda edi, lovullagan olov sohiblari orasida bo‘lmagan bo‘lar edik», derlar» (Mulk surasi, 10-oyat).

Mana shu narsalarning barchasi Islomda aqlning naqadar ulkan baholanishini ko‘rsatadi.

 

“Iymon” kitobidan


Kiritilgan vaqti: 02/02/2021 12:19;   Ko‘rilganligi: 138
 
Material manzili: https://savad-ul-azam.uz/oz/islam/ayahs/aqlni-ishlatmaslik-oxirat-azobiga-sabab-boladi
Chop etilgan vaqti: 04/12/2021 08:48