Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Qur'on oyatlari

Allohning zikriga shoshilinglar!

 
 

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا إِذَا نُودِيَ لِلصَّلَاةِ مِن يَوْمِ الْجُمُعَةِ فَاسْعَوْا إِلَىٰ ذِكْرِ اللَّهِ وَذَرُوا الْبَيْعَ ۚ ذَٰلِكُمْ خَيْرٌ لَّكُمْ إِن كُنتُمْ تَعْلَمُونَ

«Ey iymon keltirganlar! Juma kunidagi namozga chorlangan paytda Allohning zikriga shoshiling va savdoni qo‘ying. Agar bilsangiz, ana shu o‘zingiz uchun yaxshidir» (9-oyat).

Juma kuni hafta kunlari ichida eng fazilatlisi hisoblanadi. Nabiy alayhissalom: «Quyosh chiqib turgan kunlarning eng yaxshisi juma kunidir. O‘sha kuni Odam yaratilgan, jannatga kiritilgan, jannatdan chiqarilgan. Qiyomat ham juma kuni qoim bo‘ladi», – deganlar.

Oyatdagi «namozga chorlangan paytda»dan murod imom minbarga chiqqandan so‘ng aytiladigan ikkinchi azondir. Nabiy alayhissalom vaqtlarida, Abu Bakr Siddiq bilan Umar Foruq davrlarida jumaga faqat bir marta azon aytilgan. Hazrati Usmon xalifa bo‘lganlaridan so‘ng shahar kengayib, odam ko‘payganda, u kishi bozordagi o‘zlarining Zavro nomli hovlilarida ham yana bir marta azon aytishni tashkil qilganlar. Uni eshitib, kishilar masjidga yuzlanganlar. Keyin imom minbarga chiqqanda jumaning haqiqiy azoni aytilgan. Ushbu oyatdagi hukmlar ham mana shu ikkinchi azonga taalluqlidir.
«Ey iymon keltirganlar! Juma kunidagi namozga chorlangan paytda Allohning zikriga shoshiling va savdoni qo‘ying».
Xuddi shu oyat bilan musulmonlarga jamoat bilan o‘qiladigan ikki rak'atli juma namozi farz qilindi. Uning vaqti – peshin namozining vaqti. Ya'ni juma kuni peshin namozi o‘rniga jamoat bilan juma namozi o‘qiladi.
Allohning oyatdagi «…va savdoni qo‘ying…» degan farmoniga asosan juma kuni ikkinchi azondan boshlab, namoz o‘qib bo‘linguncha vaqtda savdo-sotiq bilan shug‘ullanish harom qilingan.
Oyatning oxirida Alloh taolo juma namozida musulmonlar uchun katta foydalar borligiga kafolat beryapti.
«Agar bilsangiz, ana shu o‘zingiz uchun yaxshidir».
O‘sha foydalar quyidagilar:
1. Jamoat namozi vaqtida musulmonlar bir-birlari bilan tanishadilar, oralaridagi farqlar yo‘qoladi. Davlat boshlig‘i oddiy fuqaro bilan, boy kambag‘al bilan, oq tanli qora tanli bilan bir safda turib, boshini yerga qo‘yib, sajda qiladi, ya'ni jamoat namozida o‘zaro tenglik g‘oyasi hayotga tatbiq qilinadi.
2. Ozoda kiyingan, xushbo‘y atirlar sepgan katta-kichik barchaning bir safda turib, katta jamoat bilan namoz o‘qishi Islomning fazlini ko‘z-ko‘z qiladi. Kishilarga o‘z ta'sirini o‘tkazadi.
3. Juma namozida doimo xutba – va'z, nasihat bo‘ladi. Kishilar yaxshilikka da'vat qilinadilar va yomonlikdan qaytariladilar. Umuman, musulmonlarga kerakli barcha mavzular bayoni bo‘ladi.
4. Ko‘pning duosi ko‘l, deganlaridek, juma kuni ko‘pchilik birgalikda xayr-baraka tilab, duolar qiladi. Buning ustiga, Alloh taolo juma kuniga duolar qabul bo‘ladigan soatni joylagan. Nabiy alayhissalomning ko‘pgina hadislarida jumaga g‘usl qilib, yuvinib, xushbo‘y narsalarni sepib borish tavsiya qilingan. Juma namozini uzrsiz qoldirish esa juda katta gunoh hisoblanadi.


Kiritilgan vaqti: 05/03/2021 17:15;   Ko‘rilganligi: 90
 
Material manzili: https://savad-ul-azam.uz/oz/islam/ayahs/allohning-zikriga-shoshilinglar
Chop etilgan vaqti: 02/12/2021 20:16