Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Qur'on oyatlari

Allohga kim qarz beradi?

 
 

مَّن ذَا الَّذِي يُقْرِضُ اللَّهَ قَرْضًا حَسَنًا فَيُضَاعِفَهُ لَهُ وَلَهُ أَجْرٌ كَرِيمٌ

 

  1. Allohga «qarzi hasana» beradigan kishi bormi?! (U Zot) unga ikki hissa ko‘paytirib qaytaradi va unga ulug‘ mu­kofot bor.

«Qarz» so‘zi lug‘atda «kesish, qirqish» ma'nolarini bildira­di. Qarz beruvchi kishi o‘z molidan kesib, qarz so‘rovchiga beradi. Alloh taolo O‘z dini yo‘lida sarflanadigan mol-mulklarni O‘ziga berilgan «karzi hasana»ga, ya'ni oraga sudxo‘rlik va boshka g‘a­razlar ko‘shilmagan qarzga o‘xshatmoqda. Allohning hech narsaga muxtojligi bo‘lmasa ham bandalarining himmat va saxovatini sinash uchun qarzi hasana so‘rayapti. Oyatda Alloh taolo ehson qil­ganlarning sarfini ikki baravar ko‘paytirib berishga va bu­ning ustiga, ularni ulug‘ mukofoti bo‘lmish jannatga kiritishga va'da qilmoqda. Ulamolar Alloh taolo qabul qiladigan qarzi hasananing shartlarini ham zikr qilib o‘tishgan: sadaqa qiluv­chining niyati sof bo‘lishi; sadaqani chin ko‘ngildan, riyosiz, Al­lohning roziligi uchun berishi; halol moldan bo‘lishi; sifatsiz mol bo‘lmasligi; eng zarur joyga sarflanishi; sadaqa yashirin holda qilinishi; minnat qilinmasligi; ko‘p bo‘lsa kam, oz sanalishi; o‘zining yaxshi ko‘rgan molidan bo‘lishi; o‘zini boy sanab, oluvchini kambag‘al sanamasligi shartdir.

Ulug‘ sahobiy Abdulloh ibn Mas'ud roziyalloku anhudan rivoyat qilinadi: "ushbu oyat nozil bo‘lganida Abu Dahdoh Ansoriy ism­li sahoba: "Ey Allohning Rasuli, Alloh bizdan qarz xohlayapti­mi?" dedi. «Ha, ey Abu Dahdoh», dedilar Sarvari olam. Shunda Abu Dahdoh Rasululloh alayhissalomga: "Qo‘lingizni bering", dedi-da, u zotning muborak qo‘llaridan tutdi. So‘ngra: "Men Par­vardigorimga bog‘imni qarz berdim", dedi. Uning bog‘ida olti yuz tup xurmosi, xotini Ummu Dahdoh va farzandlari bor edi. Abu Dahdoh bog‘iga kelib, xotini Ummu Dahdohni chaqirgan edi, u: "Labbay!" deb chikdi. Abu Dahdoh: "Bog‘dan chiq, men uni Parvar­digorimga qarz berdim", dedi. Ayol esa: "Qilgan savdoingizning daromadi ko‘p bo‘lsin", dedi-da, darrov bolalari va asbob-anjomlarini ko‘tarib ko‘chdi. Shunda Payg‘ambar alayhissalom: «Jannatdagi duru yoqutdan bo‘lgan qanchadan- qancha xurmolar Abu Dahdohniki bo‘ldi», dedilar

 

 “Tafsiri irfon” kitobidan


Kiritilgan vaqti: 20/02/2021 12:48;   Ko‘rilganligi: 93
 
Material manzili: https://savad-ul-azam.uz/oz/islam/ayahs/allohga-kim-qarz-beradi
Chop etilgan vaqti: 06/12/2021 22:16