Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Жамият

Virtual makonda hayot kechirish bu.....

 
 

Virtual makonda hayot kechirish sizu biz oʻylagandan ham koʻra xavfliroqdir. Masala shu qadar dolzarb va murakkabki, uni soʻzsiz muammo darajasiga koʻtarsa boʻladi. Nima uchun? Avvalo, faktga yuzlansak. Bugun dunyoda har bir ofis xodimi kuniga oʻrtacha hisobda 5-6 soat vaqtini kompyuter oldida oʻtkazadi. Telefon soʻzlashuvlari, televizor, internet va kompyuter oʻyinlarini qoʻshib hisoblaganda, bu raqam ikki baravarga ortadi. Demak, zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalaridan foydalanish uchun kunning teng yarmini sarflar ekanmiz.

Yoshlar orasida esa mobil telefonlardan keyingi oʻrinda internet eng ommaviy aloqa vositasi ekanini isbotlashning hojati ham boʻlmasa kerak. Sotsiologik tadqiqotlarga koʻra, yer yuzi aholisining 22 foizi internetdan har kuni foydalanadi. Yana bir qiziq maʼlumot: hozir global tarmokda eng koʻp koʻriluvchi yuzta veb-saytning yigirmatasi ijtimoiy tarmoqlar turkumiga kiradi, yana oltmishtasi u yoki bu jihatdan ijtimoiy mazmundagi saytlardir. Uning fonida internet va ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanuvchilarining sonigina emas, ushbu tarmoqlarning insonlarga koʻrsatayotgan taʼsiri ham sezilarli ravishda ortib borayotgani yaqqol koʻzga tashlanmokda.

Internet foydalanuvchilarining 78 foizi (aksariyati yoshlar, albatta) ijtimoiy tarmoqlardagi maʼlumotlarni haqqoniy va xolis axborot,

deb hisoblaydi. Koʻp vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda oʻtkazuvchi insonlar ulardan, asosan, elektron xat-xabarlarni qabul qilish uchun foydalanishadi. Vaholanki, shaxsiy yozishmalar, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlardagi kabi qisqa matnli xabarlar kerakli axborotning atigi yetti foizini yetkaza oladi xolos. Ulardagi maʼlumotlarning 90 foizi esa mutlaqo befoyda axborotlardir. Boshqacha qilib aytganda, ijtimoiy tarmoqlarda oz-ozdan vaqt oʻtkazganda ham inson bunday mashgʻulotdan deyarli hech qanday foyda olmaydi.

Aslida, biz soʻz yuritayotgan muammo koʻp qirralidir. Unga chuqur kirib borgan sari muammo izidan muammo kelib chiqaveradi. Masalan, ijtimoiy tarmoqlarga tobelikni olaylik. Bu ham koʻp tarmoqli muammo.

Chunki virtual tobelik insonda tashqi olamdan yolgʻizlanish, reallikdan, shaxsiy hamda ijtimoiy hayotdagi qiyinchilik va muammolardan qochish, ularni koʻrmaslik va tan olmaslik, oxir-oqibat esa depressiyaga olib keladi. Bu holat ijtimoiy psixologiyada “omma ichidagi yolgʻizlik” nomini olgan. Yaʼni, inson bir qarashda ijtimoiy faol muhitda hayot kechiradi-yu, biroq, borgan sari undan qochishga, yolgʻizlanishga intiladi. Qizigʻi shundaki, bunday holat koʻproq telekommunikatsiya va kompyuter texnologiyalaridan foydalanuvchi insonlarda kuzatilmoqda. “Omma ichidagi yolgʻizlik” holatining salbiy oqibati oʻlaroq, depressiyaga yoʻliqqan insonlar nihoyatda passiv, kamharakat va kamgap boʻlib qolishadi. Shu bois ular virtual makonda hayot kechirishni maʼqul koʻrishadi. Chunki real hayotda yashash, insonlar bilan muloqot qilish kishidan faollikni, maʼlum mikdorda energiya sarflashni talab qiladi. Virtual dunyoda esa minimal harakat evaziga deyarli barcha kutilgan natijalarga erishish mumkin. Bugungi kunda internet makonida, asosan, koʻngilochar yoʻnalishdagi ijtimoiy tarmoqlarning tobora ommalashib borayotgani shu bilan bogʻliq.

Faol foydalanuvchilar soni boʻyicha hozir dunyoda “Gʻasebook” ijtimoiy tarmogʻi yetakchilik qilmokda. Uning bir oylik auditoriyasi yetti yuz million kishidan ortiq. Mamlakatimizda mazkur ijtimoiy tarmoq

128 ming nafar foydalanuvchisiga ega edi (2012 yil fevral holatiga koʻra). Oʻzbekistonlik internetdan foydalanuvchilarining 2,5 millioni www.odnoclasnici.ru saytida roʻyxatdan oʻtgan. “Odnoklassniki” 1995 yilda Rendi Konrad tomonidan asos solingan zamonaviy koʻrinishdagi birinchi ijtimoiy tarmoq Slassmates.somning rus tilidagi nusxasi hisoblanadi. Qolaversa, u hududiy ijtimoiy tarmoq boʻlib, hamdoʻstlik mamlakatlari auditoriyasi uchun moʻljallangan.


Kiritilgan vaqti: 03/05/2021 12:10;   Ko‘rilganligi: 76
 
Material manzili: https://savad-ul-azam.uz/oz/articles/society/virtual-makonda-hayot-kechirish-bu
Chop etilgan vaqti: 06/12/2021 22:29