Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Жамият

Farzandlarimiz ta'lim-tarbiyasi, xalqimiz salomatligi har qachongidan muhim

 
 

Joriy yilimizning boshlanish arafasida davlatimiz rahbarining Oliy majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi bo‘lib o‘tdi. Uni barcha yurtdoshlarimiz katta hayajon va olam-olam orzu umidlar og‘ushida kuzatdi. Unda an'anaga muvofiq kirib kelayotgan yangi 2021-yilni Prezidentimiz tomonidan “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb e'lon qilish taklifi bildirildi.
Hadisi shariflarda “Albatta barcha amallar niyatga bog‘liqdir” deyilgan. Yilning boshidan kelajagimiz egalari farzandlarimiz to‘g‘risida qayg‘urish, eng katta boylik xalqimizning sihhat-salomatligini asrashdek ezgu ishga alohida e'tibor qaratilishi ulkan baxtdir.

Davlatimiz rahbari ushbu tarixiy nutqlarida:
“Biz o‘z oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsadni qo‘ygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Mirzo Ulug‘beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak” dedilar.
Albatta bu ulug‘ zotlarning butun dunyo xalqlari uchun ma'rifat ko‘zgusiga aylanishlarining eng asosiy sabablaridan biri sharqona tarbiyaning asosi bo‘lmish eng go‘zal insoniy fazilatlarga ega ekanliklarida edi.
Payg‘ambarimiz alayhissalom bir mashhur hadislarida:
“Ota-ona farzandiga chiroyli odobdan ko‘ra yaxshi narsani meros qoldira olmaydi” degan edilar.
Darhaqiqat, ushbu hadisi sharifda inson hayotida erishishi lozim bo‘lgan hamma yaxshiliklarning kaliti chiroyli odob, tarbiya ekanligi bayon etilmoqda. Bugun zamon shiddat bilan o‘zgarmoqda. Biz ota-onalar, murabbiylar va mutasaddilar yosh avlodning ongini go‘yoki noyob buyumimizni ehtiyot etganimizdek asrab avaylashga burchlimiz. Chunonchi, farzandlar tarbiyasini qo‘ldan boy berish, kelajakni boy berish demakdir.
Davlat rahbari tomonidan aynan yoshlar mavzusida tabarruk nomlari tilga olingan ulug‘ zotlar bizning bobolarimiz ekanligini ham unutmasligimiz darkor. Bugun biz dunyo yoshlari bilan tenglasha oladigan, bellasha oladigan kuchga aylanishimiz kerak. Dono xalqimiz:
“Barorlining bolasi o‘n besh yoshda bosh bo‘lar, barorsizning bolasi oltmishda ham yosh bo‘lar” deya bejizga aytmagan axir.
Shuningdek, xalqimiz salomatligini mustahkamlash masalasi ham yil nomlanishiga qo‘shimcha qilindi. Davlatimiz rahbari o‘z nutqining ushbu qismida buyuk bobokalonimiz kalom ilmining sultoni Imom moturidiy hazratlarining ““Tiriklik hikmatini sog‘liqda deb bilgin”, degan chuqur ma'noli so‘zlari naqadar to‘g‘ri ekanini hayotning o‘zi bugun qayta-qayta isbotlamoqda” dedilar.
Haqiqatdan ham ortimizda qolayotgan yil nafaqat biz uchun, balki butun dunyo xalqlari hayotida sihhat ne'matining ahamiyati qanchalik katta ekanini ta'lim beruvchi muallim bo‘ldi desak xato qilmaymiz. Shunday ekan, yilga ezgu nom berish bilan hukumatimiz xalqimiz salomatligiga jiddiy e'tibor berayotgan bir paytda, jamiyatimizda tibbiy madaniyat rivojlanishi borasida har birimizdan jiddiy faollik ham talab etiladi.
Alloh taolo ham Qur'oni karimda: “O‘z qo‘llaringiz bilan o‘zingizni halokatga tashlamang” {Baqara surasi 195-oyat} deb ta'lim beradi.
Albatta vaqtida har birimiz o‘z salomatligimiz uchun qayg‘ursak, o‘z vaqtida kerakli choralarni ko‘rib, mutahassisning ko‘rsatmasiga rioya qilinsa, ko‘plab nohush holatlarning oldini olishga erishiladi.
Xulosa qilib aytishimiz mumkinki, farzandlarining dunyoqarashi sog‘lom, ilm-ma'rifati yuksak, aholisi salomatligi yuksak darajada himoyalangan xalq jamiyatda hech qachon o‘z o‘rnini yo‘qotmaydi.
Kirib kelayotgan 2021-yil farzandlarimiz ta'lim-tarbiyasi, xalqimizning sihhat-salomatligi mustahkamligi borasida ulkan muvaffaqiyatlar yili bo‘lishini Alloh taoloning O‘zi nasib etsin!

O‘tkir Umirqulov - Samarqand shahar bosh imom xatibi o‘rinbosari




Kiritilgan vaqti: 27/01/2021 14:20;   Ko‘rilganligi: 87
 
Material manzili: https://savad-ul-azam.uz/oz/articles/society/farzandlarimiz-talim-tarbiyasi-xalqimiz-salomatligi-har-qachongidan-muhim
Chop etilgan vaqti: 02/12/2021 20:17