Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Жамият

Alloh yo‘lida do‘stlashish odob va huquqlari

 
 

بِسْــــــــــــــــــــــمِ ﷲِالرَّحْمَنِ الرَّحِيم.

Bismillahir rohmanir rohiym

Olamlar Rabbisi Allohga hamdu sanolar, Payg‘ambarimiz Muhammad sallohu alayhi vassallamga va u zotning ahli va as'hobiga salavotu salomlar bo‘lsin

قال رسول الله ‎ﷺ:

{ مَنْ دَل عَلَى خَيْرٍ فَلَهُ مِثْلُ أَجْرِ فَاعِلِهِ }

Alloh yo‘lida do‘stlashish odob va huquqlari

3. Alloh uchun yaxshi ko‘rish.
Ya'ni, do‘st va birodarga bo‘lgan muhabbat Alloh uchun bo‘lishi, qarindoshlik yoki tijorat kabi dunyoviy manfaatlar uchun bo‘lmasligi lozim. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytganlar: «Kimda uchta narsa bo‘lsa, u iymonning halovatini topadi: ... bir kishini yaxshi ko‘rsa faqat Alloh uchun yaxshi ko‘rishi...» (Buxoriy va Muslim rivoyatlari).
Mana shu haqiqiy muhabbat, iymonning eng mustahkam xalqalaridan va eng ulug‘ tarmoqlaridandir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytganlaridek: «Alloh yo‘lida do‘stlashish va Alloh yo‘lida dushmanlik qilish, Alloh uchun yaxshi ko‘rib, Alloh uchun yomon ko‘rish iymonning eng mustahkam xalqalaridan» (Ahmad va Ibn Abi Shayba rivoyatlari).
Dunyoviy maqsad yo‘lidagi muhabbat esa o‘sha maqsad amalga oshishi bilan barham topadi. Bunday muhabbat vaqtinchalik va beqaror muhabbat bo‘lib, unda na davomiylik, na yaxshilik bo‘ladi. Ko‘pincha u arzimas sabablar va oddiy ziddiyatlar tufayli adovatga aylanib ketadi.
4. Birodariga uni Alloh uchun yaxshi ko‘rishini bildirish.
Do‘st do‘stiga uni Alloh uchun yaxshi ko‘rishini aytib qo‘yishi o‘rtadagi do‘stlik va muhabbat rishtalarining kuchayishiga sabab bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytganlar: «Agar sizlardan biringiz birodarini yaxshi ko‘rsa, yaxshi ko‘rishini unga bildirib qo‘ysin» (Ahmad va Abu Dovud rivoyatlari). Hatto, uning uyiga borib, bu haqda aytib, xabardor qilishi sunnatdir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytganlar: «Agar sizlardan biringiz do‘stini yaxshi ko‘rsa, uning uyiga borib, uni Alloh uchun yaxshi ko‘rishini yetkazib qo‘ysin» (Ahmad rivoyati).
Qarang, qanday go‘zal odob! Dilga nechog‘li ta'sirli! Biroq, bunga amal qiladiganlar naqadar kam! Holbuki, musulmon kishi Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sunnatlarini hayotga tatbiq etishdan, uni yoyish va odamlar orasida izhor qilishdan aslo xijolat bo‘lmasligi kerak. Aslida bu ish unga savobi kelib turadigan solih amallar ichida eng ulug‘laridan.
5. Birodariga salom berish va uning salomiga alik olish.
Ya'ni, uchrashgan paytingizda unga salom berishingiz yoki u birinchi bo‘lib salom bergan bo‘lsa alik olishingiz. Bu, albatta, Islomiy salom bilan, ya'ni «Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuh» deyish bilan bo‘ladi. Ushbu salomlashuv kalimalaridan voz kechish, buning o‘rniga odatda kofirlar ishlatadigan salomlashuv iboralarini qo‘llash, masalan: «gud moning», «privet» kabi ajnabiy so‘zlar bilan salomlashish, yoki bo‘lmasam uni «xayrli tong», «salom» kabi so‘zlarga almashtirish joiz emas. Biroq, avval islomiy salom bilan boshlab, ortidan boshqa salom lafzlarini ishlatsa – kofirlarning salomlashuvi bo‘lmasligi sharti bilan – zarari yo‘q. Afzali va yaxshisi – islom salomi bilan kifoyalanishdir. Zero, bu Nabiy sollallohu alayhi va sallamning, sahobalarning va ularga yaxshilik bilan ergashgan zotlarning fe'llaridan. Ushbu odobga dalolat qiladigan hadislardan biri shuki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Musulmonning musulmon ustida oltita haqqi bor», dedilar. «Ular qaysilar, yo Rasululloh?» deb so‘rashganda: «Agar uchrashsang unga salom ber, mehmonga chaqirsa ijobat qil, nasihat so‘rasa nasihat qil, aksa urib, “Alhamdu lillah» desa «Yarhamukalloh» deb tashmit ayt, bemor bo‘lsa borib ko‘r, vafot etsa janozasiga qatnash» (Muslim rivoyati).

Samarqand shahar "Ruhobod" jome masjidi imom xatibi Amirov To‘lqin Barot o‘g‘li.


Kiritilgan vaqti: 19/03/2021 14:25;   Ko‘rilganligi: 95
 
Material manzili: https://savad-ul-azam.uz/oz/articles/society/alloh-yolida-dostlashish-odob-va-huquqlari
Chop etilgan vaqti: 04/12/2021 19:34