Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Бошқа мавзулар

Ayol qizlarimiz-doim e'zozda.

 
 

Muqaddas dinimiz ta'limotlarida inson hayoti uchun muhim hisoblanmish biror bir mavzuni e'tibordan chetda qolmagan. Bunga Qo‘ni-qo‘shnichik, mehmondorchilik va er-xotin o‘rtasidagi muomala va munosabatlarni misol keltirishimiz mumkin.

Jumladan ayolning vasfi, uning jamiyatda tutgan o‘rni va qadr- qimmati haqida ham batafsil to‘xtalgan.
Ayol avvalo onamiz, opa-singlimiz, qizimiz hamda jufti halolimizdir. Ayol borki uyimiz saranjom-sarishta, kiyim-kechagimiz pokiza va qalbimiz xotirjamdir.

Azizlar bu dunyoni ayollarsiz tasavvur qilib bo‘ladimi?! Shirindan shakar farzandlarimizni dunyoga kelishiga ham sababchi ayol emasmi?!. Ayol doim e'zozda doim izzatdadir.
Islom kelishidan avval ayollarga keraksiz buyum kabi muomala qilinar, xatto qiz farzandi borlarga tahqirmunosabatda bo‘linar edi.

Islom dini kelgach, insoniyat ayol zoti erkakning ajralmas bir qismi ekanini anglab yetdi. 

 وَعَاشِرُوهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ فَإِن كَرِهْتُمُوهُنَّ فَعَسَى
أَن تَكْرَهُواْ شَيْئًا وَيَجْعَلَ اللّهُ فِيهِ
“Ular bilan xushmuomala bo‘lib, tinch-totuv yashanglar. Agar ularni yomon ko‘rsangizlar ham (sabr qilib inoq holda yashayveringlar). Zero, sizlar yomon ko‘rgan narsada Alloh ko‘p yaxshiliklarni qilib qo‘ygan bo‘lishi mumkin”. (Niso 19-oyat.)
Payg‘ambarimiz alayhissalom ham o‘z hadisi shariflarida aytadilarki:
قال رسول الله صلى الله عليه و سلم : « اسْتَوْصُوا بِالنِّسَاءِ خَيْراً فَإِنَّهُنَّ عِنْدَكُم عَوَانٌ »
“Ayollarga doimo yaxshilik qiling, chunki ular sizlarning yordamchilaringizdir”.

Boshqa bir hadisda:
قال رسول الله صلى الله عليه و سلم : « اتَّقُوا الله في الضَّعِيفَيْن : اليتيمِ والمَرْأَةِ »
“Ikki zaifning haqqidan Allohga taqvo qiling, biri yetimning haqqi va ikkinchisi esa ayolning haqqi”.

Ushbu oyat va hadislardan ma'lum bo‘ladiki, albatta ayol islom bilan qadr, daraja topgan. Har bir ayol qizlarimiz ushbu darajaga mos holda hayot kechirmoqlari darkor.
Dinimizda kishi o‘ziga ham, o‘zgalarga ham zulm qilishi katta gunohlardan sanaladi. Xususan, jufti haloli, umr yo‘ldoshi va farzandlarining onasiga jabr qilish undan ham yomonroqdir. Bugungi kunda erkaklik hamiyatini yo‘qotgan ba'zi kishilar jiddiy bir sababsiz o‘z ayolini nafaqasiz va qarovsiz qoldirmoqdalar. Na ularni xotin qiladi, na talog‘ini berib ajrashadi. Bu bilan er Alloh taolo bergan oilaviy xotirjamlik, jufti halol va farzand kabi bir qancha katta ne'matlarga noshukrlik qilgan bo‘ladi.
Ba'zi nobakor insonlar ochiqchasiga: “Seni umringni oxirigacha talog‘ingni bermay, arosatda qoldirib, qiynayman”, – deb po‘pisa qiladi. Bu yetmagandek, aslida o‘zining zimmasida bo‘lgan – bolalarining nafaqasini ham xotinining bo‘yniga yuklab qo‘yadi. Natijada ayol na erli bo‘lmay, na eridan ajrasha olmay, yillar davomida sarson-sargardon qolib ketmoqda. Ojizalarning haqlari poymol bo‘lmoqda. Shuni ta'kidlab aytamizki, mana shu holatda ayol gunohga qo‘l ursa, u bilan birga nomard er ham bab-barobar gunohkor bo‘ladi.

Xulosa qilib aytganda, dinimizning asosiy manbasi Kalomullohda 14 asrdan ziyodroq vaqt avval ayolni e'zozlash ilohiy amr bilan buyurilgan. Shunday ekan, ayol-qiz va onalarimizni nafaqat bir kun, balki yil o‘n ikki oy e'zozlashimiz – dinimiz talabidir.
Alloh taolo yurtimizni tinch, xalqimizni farovon bo‘lishini nasib etsin! Ayol-qizlarimizni shariatimizda ko‘rsatilganidek e'zozlashimizda Alloh taolo tavfiq bersin! Omin!


Kiritilgan vaqti: 07/03/2021 11:53;   Ko‘rilganligi: 102
 
Material manzili: https://savad-ul-azam.uz/oz/articles/others/ayol-qizlarimiz-doim-ezozda
Chop etilgan vaqti: 04/12/2021 08:46