Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Оила

Ota-onaga oq bo‘lish - ulkan gunohdir

 
 

Har bir farzand tug‘ilganidan ota-onaning qaramog‘ida bo‘ladi. Ota-ona farzandini bag‘riga bosib, yaxshi yashashi uchun imkon qadar sharoit yaratib beradi. Kecha-kunduz farzandining tashvishi bilan mashg‘ul bo‘ladi. Alloh taola “Niso” surasining 36-oyatida: “Va Allohga ibodat qilinglar va Unga hech narsani shirk qilmanglar! Ota-onaga, qarindosh-urug‘larga, yetimlarga, miskinlarga, yaqin qo‘shnilarga, yon qo‘shnilarga, yonboshdagi sohiblarga, ko‘chada qolganlarga va qo‘lingizda mulk bo‘lganlarga yaxshilik qilinglar. Albatta Alloh o‘zini yuqori tutuvchi va odamlar ustidan faxr qiluvchilarni xush ko‘rmas”, deb marhamat qilgan. Bu oyatni o‘qigan har bir kishi ota-onaga yaxshilik qilish Alloh taolo tomonidan farzandlarga buyurilganini bilib oladi. Shunday bo‘lsada ba'zi bir farzandlar ota va onasini xafa qilib ko‘z yosh to‘kishiga sababchi bo‘ladi. Bu holatlarda esa Allohning g‘azabiga duchor bo‘lib, ikki dunyo saodatidan mahrum bo‘ladi. Alloh taolo “Isro” surasining 23-24-oyatlarida: “Rabbing faqat Uning O‘zigagina ibodat qilishingni va ota-onaga yaxshilik qilishingni amr etdi. Agar huzuringda ularning birlari yoki ikkovlvri ham keksalikka yetsalar, bas, ularga “Uf” dema. Ularni jerkma va ularga yoqimli so‘z ayt! Ikkovlariga mehribonlik bilan xokisorlik qanotingni pastlat va “Rabbim, ular meni kichiklikda tarbiya qilganlaridek, ularga rahm qilgin”, deb ayt”, deya marhamat qilgan. Shunday ekan farzand hech qachon ota-onasiga qarshi chiqmasligi, hatto har qanday xolatda ham ularning xizmatini qilib duolarin olishi lozim ekan. Ota-onaning xizmatini qilmasdan ularga ozor berish Allohning amirini bajarmaslik bo‘ladi. Allohning amrini bajarmaslik esa do‘zaxga tushishiga sabab bo‘ladi. Ibn Moja Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda: “Bir kishi kelib, “Ey Rasululloh, ota-onani farzandlaridagi haqqi nima?”, deb so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sen jannati bo‘lishing ham, do‘zaxi bo‘lishing ham ularning qo‘lidadir”, dedilar. Hayotga yengil qaraydigan, faqat nafsini o‘ylaydigan, boylikka uchib odamiyligini unitgan kimsalar ota-ona qadriga yetarmidi?! Ota –ona qadriga yetish uchun qalbda imon bo‘lishi kerak. Imoni bor odam nafaqat o‘z ota-onasiga, balki boshqalarga ham mehribon bo‘ladi. Imom Bayhaqiy Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam : “Bir banda yoshlik qilib ota-onasiga yoki ulardan biriga oq bo‘lgan bo‘lsa-yu, ota-onasi olamdan o‘tib ketgan bo‘lsa, u banda aqlini tanigandan keyin, Allohdan ota-onasining gunohlarini so‘rab, ular haqiga tinimsiz duolar qilaversa va har juma kuni qabirlarini ziyorat qilib tursa, Alloh u bandaning ota-onasini rozi qilib, uni ota-onasiga yaxshilik qilganlar qatoriga yozadi”, deganlar. Bu o‘tkinchi dunyoda biz uchun eng hurmatli inson ota-onadir. Kimningki ota-onasi hayot bo‘lsa jannatni o‘ziga naqd qilib qo‘yishga imkoniyati bor bo‘ladi. Bu imkoniyatni qo‘ldan chiqarish eng katta nodonlikdir. Zero ota-onaga oq bo‘lishlik ulkan gunohdir. Gunoh esa kishini do‘zaxga yetaklaydi. Musulmon kishi Allohdan do‘zaxdan pano berishini, jannatga kiritishini so‘raydi. Shuni esdan chiqarmang-ki jannat onalar oyog‘i ostidadir. Imom Bayhaqiy ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qaysi farzand ota-onasiga rahmat nazari bilan qarasa, Alloh taolo u bandaga dargohida qabul qilingan haj savobini yozadi”, dedilar. Shunda sahobalar, kunda yuz marta qarasa-chi”, deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam : “ Ha , Allohning xazinasi keng, farzand ota-onasiga yuz marta qarasa, Alloh yuz marta savobini beraveradi”, deb javob berdilar. Darhaqiqat, inson dunyoga bir marotaba keladi. Dunyoga kelishiga sababchi bo‘lgan ota-onasini xizmatini qilib, duosini olish har bir mo‘min bandaga nasib qilsin. BOBOBEK ABDURAHIMOV – Samarqand shahar “Qoraboy oqsaqol” jome masjidi imom-xatibi

Kiritilgan vaqti: 29/01/2021 10:56;   Ko‘rilganligi: 74
 
Material manzili: https://savad-ul-azam.uz/oz/articles/family/ota-onaga-oq-bolish-ulkan-gunohdir
Chop etilgan vaqti: 23/10/2021 08:58