Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Оила

Farzand ota-onaning oynasidir. 2-qism

 
 

– Farzand va ona o‘rtasidagi munosabatlarning bardavom bo‘lishi uchun nima tavsiyalar bera olasiz?

– Bardavom munosabatga erishishning bir necha yo‘llari bor:

– Farzand bilan har kuni 20 daqiqa do‘stona suhbat (pand-nasihatsiz, maktabi, o‘qishi haqida gapirmay);

– Farzandga har kuni 5–10 marta o‘z mehr-muhabbatini izhor qilish;

– Har kuni 5 marta farzandning yaxshi axloqi, chiroyli amaliga maqtov aytish;

– Haftada bir marta besh daqiqa bo‘lsa ham farzand bilan uydan tashqaridagi mashg‘ulotni birga bajarish (piyoda yurish, sport bilan shug‘ullanish, avtoulovda sayr qilish kabilar);

– Bolada hayot asoslarini paydo qilish uchun uyqudan oldin har kuni «Falon yaxshi ishni bajarganingda o‘zimni juda baxtiyor his qildim», «Ukangga qaraganing – juda katta ish», «Falon kelishuvimizga amal qilganing men uchun faxr» kabilar orqali o‘z rizoligingizni bildirib turish;

– Haftada bir yoki ikki marta oilaviy maslahat va suhbat uchun kechki taomni oila davrasida tanovvul qilish;

– Farzandga bo‘lgan muhabbatni turli tarzda izhor qilish; boshning orqa tarafini silash mehribonlik va shafqatni ifodalaydi, boshiga qo‘lni qo‘yish faxrlanishni ifoda qiladi, qo‘lni peshonasiga qo‘yish tinchlantiradi, qo‘lini tutish ota-bola o‘rtasidagi aloqani kuchaytiradi, agar bola asabiy bo‘lsa, ko‘ksini silash bilan tinchlantiring. Nabiy sollallohu alayhi vasallam farzand tarbiyasida bizga o‘rnak zotlar. U zot masjidda yoki sahobalar huzurida Fotima roziyallohu anhoning peshonalari, qo‘llaridan o‘par va bag‘irlariga bosar edilar.

Shu dasturga amal qilib, farzandingizga mehringizni izhor qilish, uning naqadar ulug‘ ne'mat ekanini his qildirish orqali o‘rtangizda kuchli bir aloqa vujudga kelsinki, u sizning huzuringizda chiroyli xulq egasi, itoatli, kattalarga hurmat va kichiklarga izzatli va ota-onasini rozi qiladigan haqiqiy muslim bo‘lib ulg‘aysin, axloqini ruhan va jisman buzuvchi omillardan uzoqlashib, ularga duch kelganda o‘zini to‘g‘ri tuta oladigan inson bo‘lib yetishsin.

Bolalar uchun aytiladigan eng yaxshi maqtovlar, ular bolani yaxshi tomonga o‘zgarishiga va o‘sishiga yordam beradi. Masalan, «Barakalloh!», «Qoyil!», «Ana ko‘rdingmi, buni uddalading!», «Ajoyib!», «Qila olishingni bilgandim!», «Zo‘r chiqibdi!», «Tabriklayman, bolajonim!» kabi e'tiroflar bolaga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi.

Va, albatta, farzandingizni tez-tez bag‘ringizga bosib turing. Bu ish kimgadir erish tuyulishi mumkin, ammo bolajonlar uchun judayam muhim.

– Xohlaymizmi yo‘qmi, bugun telefon va internet hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Hatto bu matoh bolajonlarimizni ham chetlab o‘tmadi. Turli mavzudagi xorij multfilmlari va shunga o‘xshash narsalarga mukkasidan ketgan bolalarning soatlab telefonga tikilib o‘tirishiga aksariyat onalar bee'tibor. Bu borada nima degan bo‘lardingiz?

– Hozirgi kunda telefonga nafaqat bolalar, balki kattalar ham juda bog‘lanib qolgan. Buning asosiy sabablaridan biri sifatida insonning hayotidagi bo‘shliqni ko‘rsatsa bo‘ladi. Shuning uchun ham farzandingiz hayotini qiziqarli, rivojlantiruvchi mashg‘ulotlar bilan to‘ldirganingiz ma'qul.

Ruhshunoslar 2 yoshga to‘lmagan bolaga umuman telefon bermaslikni ta'kidlashadi. Telefonga bog‘lanib qolgan bolani bu odatdan qaytarish uchun bir nechta tavsiya berish mumkin:

1. Farzandingiz hayotini qiziqarli mashg‘ulotlar bilan to‘ldiring. Buning uchun uning yoshiga mos o‘yinchoqlardan foydalanishingiz mumkin. Faqat hamma o‘yinchoqlarni birdaniga bermang, ba'zilarini yashirib, «sog‘intirib» bersangiz, bola ularning hammasini qadrlab, maza qilib o‘ynaydi. Undan tashqari, uydagi xavfsiz (qoshiq, yumshoq buyumlar va shunga o‘xshash) narsalarni bir qutiga solib berishingiz ham mumkin, 3 yoshga to‘lmagan bola uchun bu qiziqarli mashg‘ulot.

2. Telefoningizdan farzandingizga qiziqarli tuyulishi mumkin bo‘lgan narsalarni o‘chiring (rang-barang mobil ilova, musiqa) yoki yashirin qilib qo‘ying. O‘zingiz ham uning oldida telefoningizdan kamroq foydalanishga harakat qiling.

3. Chegara qo‘yishni o‘rganing. Farzandingiz nimanidir juda qattiq yig‘i bilan talab qilsa ham, qat'iy qoidalar bo‘lishini o‘rgating. Pichoq farzandingiz tanasiga jarohat yetkazganidek, telefon ruhiy rivojlanishiga yomon ta'sir qilishini e'tiborga oling. Aqli yetmagan kichik yoshdagi bolalarning esa xayolini chalg‘itish usulidan foydalanishingiz mumkin.

Albatta, odatlardan voz kechish sizga ham, farzandingiz uchun ham og‘ir bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, bu o‘zgarish sizdan juda ko‘p e'tibor va harakat talab qiladi. Lekin natija harakatga arziydi, chunki hayotimiz mazmuni aslida uy ishlarini qilish emas, bolalarimizni yaxshi tarbiyalab, ulg‘aytirish-ku!

– Bolani kitob mutolaasiga o‘rgatish uchun onalarga qanday maslahatlar bera olasiz?

– Farzand oilaning oynasi. Deyarli har bir ota-ona farzandini kichik yoshdan kitobga qiziqtirishga harakat qiladi. Bunga erishish uchun bolaga o‘rnak bo‘lish, ya'ni o‘zlari ham kitob o‘qishlari, qiziqarli kitoblar tanlashlari va ularni xarid qilishlari lozim.

Farzandingiz sizdan o‘rnak oladi. Olamni sizdan o‘rganadi. Sizdagi barcha xislatlar bolangizda namoyon buladi. Bizga olimlar, qorilar, xalqqa manfaati teguvchi yetuk xodimlar va mutaxassislar kerak. Bu o‘tirishingizda bizda yana sizdek telefonga oshiq bo‘lganlar yetishib chiqadi... o‘zingizni isloh qiling! Keling, shu matohdan boshingizni ko‘taring.


Kiritilgan vaqti: 11/06/2021 09:48;   Ko‘rilganligi: 68
 
Material manzili: https://savad-ul-azam.uz/oz/articles/family/farzand-ota-onaning-oynasidir-2-qism
Chop etilgan vaqti: 04/12/2021 19:20