Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Оила

Farzand ota-onaning oynasidir

 
 

Farzand ota-ona qo‘lida bir omonat. Bolaning toza qalbi mum kabi har shaklga kira oladi. Shaklning qanday bo‘lishi esa bevosita oiladagi tarbiyaviy muhimtga bog‘liq. «Giza» markazi ruhshunosi Umida Anvarovna bilan ham bu borada nimalarga e'tibor berish kerakligini haqida suhbatlashdik.

– Assalomu alaykum, Umida opa, bilamizki, farzand tarbiyasi har doim dolzarb masala hisoblangan, xususan, musulmon oilalarda. Injiq va tez asabiylashadigan bolalarning ruhiyatiga zarar yetkazib qo‘ymagan holda ular bilan qanday muomala qilgan ma'qul? Bu borada ona nimalarni hisobga olishi kerak?

– Vaalaykum assalom! Bolaga to‘g‘ri tarbiya berishni o‘zini hurmat qilgan har bir ota-ona juda muhim masala deb qabul qiladi. Tarbiya jarayoni psixologik to‘g‘ri yo‘naltirilishi, izchil, bosqichma-bosqich va tashkiliy tabiatga ega bo‘lishi kerak. Umuman olganda, rivojlanish psixologiyasida tarbiya jarayoni farzand tug‘ilgan vaqtdanoq boshlanadi deb qabul qilingan. Biroq tarbiya farzand tug‘ilguniga qadar, ya'ni ota-onaning tarbiyachi roliga tayyorlanishidan, bola ruhiyati rivojining asosiy qonuniyatlarini o‘rganish davridan boshlanadi.

Oilaviy totuvlik muvaffaqiyat garovi ekanini aslo unutmaslik lozim! Asabi buzilib turganda alamini bolasidan oladigan, tergayveradigan ota-onalar bor. Aslida 5 yoshgacha bo‘lgan bolani tergash mumkin emas. Chunki ularda hali fikrlash qobiliyati to‘liq rivojlanmagan bo‘ladi. Bolaga hadeb dakki beraversangiz, kunbo‘yi sizning tanbehingiz ta'sirida asabi tarang bo‘lib yuradi. Natijada kechasi unda enurez holati kuzatilishi mumkin. Oilada er-xotin va qaynona-kelin o‘rtasidagi janjallar ham bolaga ta'sir ko‘rsatadi. Kattalar «bola o‘ynab yuribdi, e'tibor bermaydi», deb o‘ylashadi. Aslida esa, har bir gapimiz, o‘zaro munosabatlarimiz ham bolaga ta'sir qilishini hisobga olishimiz kerak.

Uyda tinch va sog‘lom muhit yaratish bilan bir qatorda oila a'zolari o‘zaro muloyim va samimiy munosabatda bo‘lishlariga katta ahamiyat kasb etadi. Zero, uydagi notinch muhit, baqir-chaqirlar, asabiylik bola ruhiyatiga va sog‘lig‘iga jiddiy tasir qiladi. Cho‘chish, qo‘rqoq bo‘lib qolish, sal narsaga injiqlik qilish bolaning asablari zararlanayotganidan va e'tiborsiz qolayotganidan dalolat. Bunday oilada yashovchi bolalarning 8 foizida enurez kasalligi kuzatiladi. Ota-ona farzandini shifokorma-shifokor olib yurgandan ko‘ra tarbiyani izga solsa, o‘z ustida ishlasa, oilada bunday holatlar kamaygan bo‘lar edi.

Ko‘pchilik ota-onalar farzandi asabiylashayotganda va injiqlik qilayotganda u bilan qanday gaplashish, qanday munosabatda bo‘lish lozimligini bilishmaydi. Agar bolada mana shunday holatlar kuzatilsa, bolaning shaxsini muhokama qilmay, balki aynan o‘sha lahzadagi xulqini muhokama qilish maqsadga muvofiq. Shundagina, bola o‘zini hurmat qilinishini, yaxshi ko‘rilishini, lekin hozirgi ishi noto‘g‘ri ekanini tushunadi. Bola gapga quloq solmay, injiqlik qilayotganida gapingiz ohangiga e'tibor bering; o‘zingiz siz bilan shu yo‘sinda gaplashishlarini xohlarmidingiz?

– Tarbiya jarayonida qattiqqo‘l bo‘lish kerakmi yoki aksincha bolani erkinroq qo‘ygan yaxshimi?

– Keling, savolingizga boshqa tomondan yondashib ko‘ramiz. Tushkun kayfiyatga tushib qolganingizda qonda glyukokortikoid gormonlar guruhi ishlab chiqariladi. Bu esa hujum reaksiyasi uchun javobgar bo‘lgan «stress gormonlari» – «urish yoki jazolash» bilan yakunlanadi. Bu jarayon juda murakkab bo‘lib, biz hissiyotlarimizni jilovlay olmay turgan bir paytda alamimizni kimdandir olgimiz kelib qoladi. Ko‘pincha bizdagi bu holatdan yaqinlarimiz, ayniqsa, farzandlarimiz aziyat chekishadi.

Boshingizga tushgan g‘am-tashvishlarda farzandlaringizni ayblamang. Afsuski, ko‘p onalar ongostida shu davrdagi qiyinchiliklar saqlanib qoladi va muammolar paytida yonlarida kim bo‘lgan bo‘lsa, o‘zlari anglamay, shu insonni ayblay boshlaydi. Kattalar uchun urish shunchaki qattiq turishning bir ko‘rinishi deb qabul qilinsa, bolalarda bunday xatti-harakat ko‘pincha qalb jarohatiga aylanadi. Bizning nazdimizdagi arzimas jismoniy shikastlar ichki alamga aylanib ketadi. Ba'zida ota-ona farzandiga ruhiy zarba berib qo‘yganini o‘zi sezmay ham qoladi. Mana shu holatga tushmaslik uchun qanday yo‘l tutgan ma'qul?!

Avvalo, bola kattalarga nisbatan jismonan kuchsiz ekanini unutmaslik kerak. Jismoniy kuch ishlatib, zo‘rligingizni isbotlamasangiz ham bola doimiy zaiflikni his qiladi. Qo‘rqoq, odamovi bola keyinchalik ulg‘ayganiida ham ichki holatini «niqoblab», yashirishga harakat qiladi. Afsuski, bu holat uning shaxsiy hayoti va rivojida katta to‘siqqa aylanishi mumkin. Jismoniy jazolardan bezigan bola atrofdagilarni xo‘rlashga odatlanadi. Chunki u buni uyida ko‘rgan va shu holatni «to‘g‘ri» deb hisoblaydi. Bunday fikr esa uning tengdoshlari bilan aloqasiga ham ta'sir qiladi. «Kim kuchli bo‘lsa, o‘sha zo‘r» degan naql uning shioriga aylanadi.

Bola tug‘ilganidayoq unga eng yaqin inson ota-onasi hisoblanadi. Farzand bilan har qanday munosabat ishonchga asoslanganishi kerak, shunda muammoga duch kelgan bola yordam uchun birinchi bo‘lib ota-onasiga murojaat qiladi. Agar siz tomondan tahdid sezilsa, bolaning siz bilan ochiq-oydin gaplashishidan umid ham qilmang. Har bir xatti-harakati uchun «dakki» oladigan bola yo‘l qo‘ygan xatolarini yashira boshlaydi. Yolg‘on gapirish bilan u jazodan qochishning eng ma'qul yo‘lini topishga intiladi.

Jismoniy jazodan keyin bolada g‘azab, nafrat, tushkunlik paydo bo‘ladi. Bu hissiyotlarning barchasi, ayniqsa, ota-onaga qaratiladi. Vaqt o‘tishi bilan bola tinchlansa ham, dushmanlikning bir qismi hanuz ongida saqlanib turaveradi. Shuning uchun o‘zingizga «eng qadrdon dushman» orttirmang. Har bir harakatingizdan oldin undan qaytadigan javobni ham hisobga oling.

Bolani har tomonlama nazorat olmay, balki uni o‘z holiga ham qo‘yish lozim. Muhimi, uni boricha qabul qilishga o‘rganing. Masalan, ibratli hikoyalar, o‘yinlar orqali aniqlovchi yondashuv bolani shakllantirishda, mumkin bo‘lmagan ishlarni inkor etishda yordam beradi. Oila muhitida o‘zaro munosabatlarni yaxshilashda ko‘proq rolli (masalan, siz bola, u esa ota yoki ona rolini bajarishni taklif eting), rasm chizish (oilasini) kabi bir qator mashq va o‘yinlar bajarish mumkin. Shunday mashqlar yordamida chiroyli gapirib, uning sizga yoqmaydigan xislatlarini tuzating va o‘zingiz ham bolangizga yoqmaydigan odatlaringizdan voz keching. Bolaga qancha ko‘p inkor ma'nosidagi so‘zini ishlatsangiz, u battar buning aksini qilishga urinadi. Bu haqiqatni aslo yodingizdan chiqarmang.


Kiritilgan vaqti: 29/05/2021 12:13;   Ko‘rilganligi: 88
 
Material manzili: https://savad-ul-azam.uz/oz/articles/family/farzand-ota-onaning-oynasidir
Chop etilgan vaqti: 06/12/2021 22:37