Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Таълим-тарбия

To‘rt eshik... To‘rt eshikda to‘rt maqom...

 
 

Siz o‘zingizni qaysi eshik yoki maqomda deb hisoblaysiz? Keling, biroz tafakkur qilaylik, qo‘lingizdagi qimmatbaho telefonni qo‘ying, hayotingizda bir marta bo‘lsa ham e'tibor qarating-chi, uyat-xijolatdan yuzimiz qizarmasmikin? Aytaylik, boshingizga biror tashvish tushganda yoki ehtiyojingiz bo‘lganda taqillatgan eshigingizni ochuvchi bormikin?

Va «yaxshi ko‘raman, qiyomatlik do‘stimsan», degan kishingizdan ham bir so‘rang-chi, qaysi maqomda kutmoqda ekan sizni? So‘rab ko‘ring, do‘stim, so‘rang...

Talabalaridan biri Mavlono Rumiy hazratlaridan so‘rabdi:

‒ Hazrat, bu to‘rt eshik masalasini yaxshi tushunmadim. Menga tushuntirib bersangiz?

Mavlono:

‒ Qara, huv anavi madrasada darsini qilayotgan to‘rt talabaning barchasi lavhlariga egilganicha sabog‘ini o‘qiyapti. Sen borib ulardan har birining bo‘yniga bir urgin va qaytib kel, keyin tushuntirib beraman.

Talaba borib, birinchisining bo‘yniga bir uribdi. Kaltak yegan madrasa talabasi darhol o‘rnidan turib, orqasiga qarabdi va undan ham qattiqroq zarba bilan Mavlononing talabasini uribdi. Mavlononing talabasi ta'zirini yebdi, qaytmoqchi bo‘libdi-yu, ustozining so‘zini eslab, amriga itoat qilibdi: Yaratgandan umid qilib, ikkinchisini ham bir uribdi. U ham darhol o‘rnidan turib, qo‘lini ko‘taribdi. Qasos olmoqchi bo‘libdi-yu, lekin darhol qaytib o‘tiribdi.

Talaba ustozining buyrug‘ini davom ettirib, uchinchi talabani ham uribdi. U boshini burib qarab qo‘yibdi-da, darsida davom etaveribdi. To‘rtinchi talaba esa kaltak yesa ham, hech narsa sezmagandek, o‘tirgan holida darsini davom ettiraveribdi. Talaba Mavlononing huzuriga qaytib, bo‘lib o‘tganlarni so‘zlab beribdi.

‒ Mana shular sen so‘ragan savollarga javob bo‘ladi:

Birinchisi hali shariat eshigidan o‘tmagan edi. Shariatda qasosga qasos borligi uchun kaltak yegach, turib xuddi o‘shandek senga ham qaytardi.

Ikkinchisi tariqat eshigida edi. Kaltak yegach, u ham turib endi qasos olmoqchi bo‘lgan edi, lekin tariqat ta'lim bergan so‘z yodiga tushdi: «Senga yomonlik qilganga ham yaxshilik qil!» Shuning uchun qaytib o‘tirdi.

Uchinchisi ma'rifat eshigiga kelgan edi. Yaxshilik va yomonlikning Allohdan ekanini bilar va shunga iymon keltirgan edi. Yaratgan Zot bu yomonlikka qaysi shaytonni sabab qildi ekan, deb hayratidan bir qarab qo‘ydi, xolos.

To‘rtinchisi haqiqat eshigidan o‘tgan edi. Yaxshilik va yomonlikning Egasi borligini bilar edi. Shuning uchun qarab ham qo‘ymadi... Shunday ekan, haqiqat eshigining kaliti rizolik bilan bo‘ladi. Rozi bo‘lgan kishi shunday bir haqiqatni topadiki, natijada yaratilish maqsadining cho‘qqisiga, kamoliga erishadi, – deya javob beribdi Mavlono hazratlari.

Xo‘sh, komil bo‘lish uchun quyidagi sanab o‘tilgan 40 maqomning nechtasiga egasiz? Bir nazar soling-chi?!

Shariat eshigining maqomlari:

– Iymon keltirish;

– Ilm o‘rganish;

– Ibodat qilish;

– Haromdan uzoqlashish;

– Oilasiga manfaatli bo‘lish;

– Atrofga zarar bermaslik;

– Payg‘ambar amriga bo‘ysunish;

– Shafqatli bo‘lish;

– Poklik;

– Yomon amallardan saqlanish.

Tariqat eshigining maqomlari:

– Tavba;

– Murshidning o‘gitlariga amal qilish;

– Pokiza kiyinish;

– Yaxshilik yo‘lida jiddu jahd qilish;

– Dini yo‘lida xizmat qilishni yaxshi ko‘rish;

– Nohaqlik qilishdan qo‘rqish;

– Umidsizlikka tushmaslik;

– Ibrat olish;

– Yaxshilik tarqatish;

– O‘zini faqir sanash.

Ma'rifat eshigining maqomlari:

– Odobli bo‘lish;

– Manmanlik, xudbinlik, kin, adovat va g‘arazdan uzoq bo‘lish;

– Parhezkorlik;

– Sabr va qanoat;

– Hayo;

– Saxiylik;

– Ilm;

– Samimiy va bag‘rikenglik;

– O‘zini tanish;

– Oriflik.

Haqiqat eshigining maqomlari:

– Tavoze;

– Birovning aybini ko‘rmaslik;

– Qo‘lidan kelgan barcha yaxshiliklardan to‘xtamaslik;

– Allohning barcha maxluqotlarini yaxshi ko‘rish;

– Barcha insonlarni birdek ko‘rish;

– Birlik va birdamlik tarafdori bo‘lish va targ‘ib qilish;

– Haqiqatni yashirmaslik;

– Ma'noni bilish;

– Ilohiy sir-hikmatlarni o‘rganish;

– Vahdatul vujud.


Kiritilgan vaqti: 01/06/2021 13:59;   Ko‘rilganligi: 83
 
Material manzili: https://savad-ul-azam.uz/oz/articles/eductaion/tort-eshik-tort-eshikda-tort-maqom
Chop etilgan vaqti: 06/12/2021 23:17