Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Таълим-тарбия

O‘ZGANING HAQQIDAN EHTIYOT BO‘LING!

 
 

O‘zganing haqqidan ehtiyot bo‘lishdek muhim mavzu haqida gap ketar ekan beihtiyor ushbu muborak hadis yodimizga tushadi: Rasululloh (s.a.v.): «Ogoh bo‘linglar, albatta, Alloh qonlaringiz va mollaringizni bir-biringizga harom qildi» (Imom Buxoriy rivoyati).

Ulamolarimiz o‘zgalar haqqini nohaq yeguvchi toifaga xoin, aldoqchi, o‘g‘ri, battol, sudxo‘r, yetim molini yeguvchi, yolg‘on guvohlik beruvchi, qarz olib undan tonuvchi, poraxo‘r, o‘lchov va tarozidan urib qoluvchi, molining aybini yashirib sotuvchi, qimorboz, sehrgar, munajjim, fohisha, azada dod solib yig‘lovchi, sotuvchidan so‘ramay haqini olib qoluvchi dallol, hur-ozod odamni sotib pulini yeydiganlar kirishini aytganlar.
E'tibor berilsa, ushbu toifa kishilari nafaqat moddiy haq, balki ma'naviy haqlarning ham toptaguvchilaridir.

Annas ibn Molik (r.a.): «Nabiiy solallohu alayhi va sallamga:
- Ey Allohning Rasuli, duo qiling, men duosi qabul bo‘ladiganlardan bo‘lay, - dedim. U zot a.s :
- Ey Anas, taoming pok bo‘lsin, duoying qabul bo‘ladi. Chunki bir odam bir luqma haromni og‘ziga solsa, qirq kungacha duosi ijobat bo‘lmaydi, - dedilar (Imom Daylamiy rivoyati).

Qolaversa, nopok yo‘l bilan topilgan ozuqani yeb o‘sayotgan farzandlar kelajakda kim bo‘lishligi haqidagi haqli savol ham barchani birdek o‘ylantirishi lozim. Ularning axloqi, tarbiyasi va fe'l-atvorida ro‘y berayotgan o‘zgarishlardan o‘z vaqtida hammamiz ham xabardor bo‘la olayapmizmi?!

Alloh taolo barchamizni bu borada farzandlarimiz tarbiyasiga e'tiborli va o‘zgalar haqidan hazar qiladigan, halol va haromni farqlaydigan, insofli va diyonatli bandalaridan bo‘lishimizni nasib etsin!

Samarqand shahar "Panjob" jome' masjidi imom-xatibi Botirali RIZAYEV


Kiritilgan vaqti: 20/03/2021 11:48;   Ko‘rilganligi: 66
 
Material manzili: https://savad-ul-azam.uz/oz/articles/eductaion/ozganing-haqqidan-ehtiyot-boling
Chop etilgan vaqti: 04/12/2021 17:59