Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Таълим-тарбия

Insoniyat tarixidagi eng yaxshi ayoldan yetti saboq

 
 

U Qur'oni Karimda ismi zikr qilingan yagona ayoldir. Alloh taolo dunyo ayollaridan uni tanlab oldi va martabasini ulug‘ qildi. Uning ismi – Maryam bint Imron. Qur'oni Karimda «Farishtalarning: «Ey Maryam, albatta, Alloh seni tanlab oldi, pokladi va olamdagi ayollardan ustunligingni ixtiyor qildi», deyiladi.(Oli Imron surasi, 42-oyat)

Ushbu maqolada insoniyat tarixidagi eng yaxshi ayollardan biri – Maryam onamizning hayotidan yetti ibratli saboqni ko‘rib chiqamiz.

1.Amallaringizni qabul qilishini so‘rab, Alloh taologa duo qiling.Maryam bint Imronning onasi – Hanna o‘ziga zurriyot so‘rab duo qilganida Alloh subhanahu va taolo uning duosini qabul qildi. Alloh taolo Qur'oni Karimda marhamat qiladi: «Imronning xotini: «Ey Robbim! Albatta, men qornimdagini xolis O‘zingga nazr qildim. Bas, mendan qabul et. Albatta, Sening O‘zing eshituvchi, biluvchi zotsan», deganini esla!» (Oli Imron surasi, 35-oyat).

Allohdan amallaringizni qabul qilishini so‘rab turasizmi? Kattami-kichikmi – xolis O‘zi uchun qilgan amallaringizni qabul qilishini so‘rab duo qiling, albatta, ko‘plab savobga erishasiz.

2. Yoshlikning qadriga yeting!

Maryam bint Imron o‘sib-ulg‘ayar ekan, bo‘sh vaqtini faqatgina ilm va ibodatga bag‘ishladi. Aslzoda qiz bo‘lishiga qaramay, yosh tengdoshlari kabi vaqtini behuda suhbatu tomoshalarga sarflamadi. Uning yana bir kamtarligi – qarshisidagi ne'matlar haqida so‘ralganida faxrlanmadi, samimiylik bilan u ne'matlar Alloh taolodan ekanini e'tirof etdi. «Bas, uni Robbi juda yaxshi qabul qilib, nihoyatda go‘zal o‘stirdi va Zakariyoni unga kafil qildi. Zakariyo har qachon uning oldiga, mehrobga kirganida, uning huzurida rizq ko‘rdi. U: «Ey Maryam, senga bu qayerdan?» dedi. Ul:«Bu Allohning huzuridan. Albatta, Alloh xohlagan kishisiga behisob rizq beradi», dedi». (Oli Imron surasi, 37-oyat)

3. Alloh taolodan panoh so‘rang!

«Va ular bilan o‘zi orasida to‘siq olganda, Biz unga O‘z ruhimizni yubordik. Bas, u unga bus-butun odam bo‘lib ko‘rindi. (Ya'ni, ey Muhammad, bu kitobda (Qur'onda) Maryamni esla. Baytul Maqdisda yashayotgan, bokira, taqvodor qiz Maryam, shaharning sharqiy tomoniga yolg‘iz chiqdi. Nimaga chiqqanini Alloh biladi. Qavmidan hech kim Maryamni ko‘rmaydigan bo‘ldi. U xoli va yolg‘iz qoldi. Jabroil alayhissalom Maryamga to‘la-to‘kis odam siymosida namoyon bo‘ldi. Alloh uni yaratgan asl holatida ko‘rinmadi. Chunki bus-butun holida ko‘rinsa, Maryam butkul dahshatga tushishi mumkin edi.)U: «Men sendan Alloh panoh berishini so‘rayman. Agar taqvodor bo‘lsang...» dedi». (Maryam surasi, 17-18-oyatlar).

Tasavvur qiling, bir begona inson sizga zarar yetkazmoqchi, nima qilasiz? Yordam so‘rab qichqirasizmi, telefonga yopishasizmi yoki o‘z kuchingiz bilan qarshilik qilasizmi? Hammasidan avval Allohdan panoh so‘rashingiz Unga chin banda ekanligingizni ko‘rsatadi. Mo‘mina Maryam bint Imron shunday qildi.

4. Tushkunlikka tushmang.

Maryam bint Imron ko‘zi yorishidan avval hech kim yo‘q joylarga ketadi. To‘lg‘oq azobi va mashaqqatlari bilan bir o‘zi yolg‘iz qoladi. Oddiy inson bunday holda judayam tushkunlikka tushib qolishi mumkin. Maryam onamiz esa o‘zini Alloh buyurganiday tutdi: Parvardigorga yolvorib duo qilishda davom etdi. U tushkunlikka tushmadi, chunki Alloh taologa tavakkul bilan suyangan edi.

Har doim Alloh taologagina suyaning. Sizdan ham og‘ir kunlarni boshidan kechirayotgan insonlarga qarang. Umid qiling. Sabr ila yashang. Alloh taolo sabringizni mukofotlarga aylantirib beradi. Maryam onamizga berilgan solih zurriyot bunga yorqin misol.

5. Siz haqingizdabilib-bilmay aytilgan gaplarga parvo qilmang.

Maryam onamiz chaqalog‘i bilan qavmining yoniga qaytganida ham o‘zining ajoyib bardoshini ko‘rsatdi. U yana Allohga suyandi va sukut saqlashga ahd qildi. Qavmi uni koyib, tahqirlay boshlaganida u ishora bilan chaqalog‘ini ko‘rsatdi va go‘dak o‘zi va onasi nomidan so‘zlay boshladi...
Atrofdagilarning tuhmat va tahqirlariga toqat qilgan vaqtlaringiz bo‘lganmi? Maryam onamiz pok iymoni va Allohga bo‘lgan tavakkuli bilan haqoratlarga qarshi turdi. Va Alloh uni xalq orasida sharmanda qilib qo‘ymadi – go‘dakning so‘zlari bilan uni oqladi.

6. Vazifalaringizni bajarishda sabrli bo‘ling.

Maryam Bint Imron Allohning buyruqlarini sharaf bilan ado etdi. Bu bizga ibrat. Alloh taoloning ba'zi amrlari bizga qiyin yoki og‘ir bo‘lib tuyulganda, Maryam bint Imronning boshiga kelgan sinovlarni eslang. Alloh taoloning payg‘ambarlariga, solih zotlariga kelgan sinovlarni bir zum bo‘lsa-da, ko‘z oldingizga keltiring. Ular har qanday sinovda ham isyon qilmay o‘z vazifalarini bajarganlar.

7. Faqat so‘zlovchi emas, amal qiluvchilardan bo‘ling.

Maryam bint Imron sabr va bardoshi bilan Yaratgan Zot huzurida sharafli bo‘ldi. U mo‘min va mo‘minalar uchun ibrat bo‘ldi.

Alhamdulillah, Alloh taolo bizga iymon ne'matini berdi. Biz umrimiz davomida o‘z dinimizga muvofiq yashashimiz va boshqalarga uning go‘zalligini namoyish etishimiz shart. Mehr-muhabbatga, ko‘makka muhtoj insonlarga yordam bering. Qiyinchiliklarga sabrli va bardoshli bo‘lishga harakat qiling. Shukr qiling, shukr qiluvchilardan bo‘lasiz. Mana shunday go‘zal amallar egasi bo‘ling va  dinimiz  go‘zalligini insonlar qalbiga joylang.

Alloh taolo marhamat qiladi: «Farjini pok saqlagan ayolni esla. Biz unga O‘z ruhimizdan pufladik. Uni va uning o‘g‘lini olamlarga oyat-belgi qildik». (Anbiyo surasi, 91-oyat).

Islam-today saytidan erkin tarjima


Kiritilgan vaqti: 04/06/2021 11:08;   Ko‘rilganligi: 110
 
Material manzili: https://savad-ul-azam.uz/oz/articles/eductaion/insoniyat-tarixidagi-eng-yaxshi-ayoldan-etti-saboq
Chop etilgan vaqti: 02/12/2021 20:27