Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Таълим-тарбия

Allohga tavakkal

 
 

بِسْــــــــــــــــــــــمِ ﷲِالرَّحْمَنِ الرَّحِيم.

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

قال رسول الله ‎ﷺ: { مَنْ دَل عَلَى خَيْرٍ فَلَهُ مِثْلُ أَجْرِ فَاعِلِهِ } رواه مسلم

Allohga tavakkal

Allohga tavakkal qilgan kishining zohiriy sabablarni amalda qo‘llashi haqiqiy ma'nodagi tavakkalga aslo zid emas. Balki, zohiriy sabablar bilan birga qilingan tavakkalgina haqiqiy – to‘g‘ri tavakkal va Alloh taoloning hayotdagi joriy qonunidir.
Biz ushbu ma'noni Qur'on oyatlari va payg‘ambarimizning sunnatlaridan juda ko‘p o‘rinda topishimiz mumkin. Keling, Anfol surasidagi: «...(Ey Muhammad alayhissalom, ularning yuziga qo‘lingizdagi bir siqim tuproqni) otgan paytingizda, Siz otmadingiz, balki Alloh otdi...». (17-oyat)ni o‘qib birgalikda tahlil qilaylik: Jihodlardan birida payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam ko‘llariga bir siqim tuproq olib, uni kofirlarning yuzlariga qarata uloqtirib, sepib yuborgan edilar. Ushbu tuproq zarralari kofirlarning barchasining ko‘ziga kirib, bu ham g‘alaba sabablaridan biri bo‘lgan edi. Ko‘rib turibmizki: Alloh subhanahu va taolo Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan mana shu sababni ya'ni, kofirlarning yuziga bir siqim tuproqni uloqtirib, sepib yuborishni iroda qildi. Lekin haqiqiy nusrat berguvchi esa, U Alloh taolo O‘zi edi. Shuning uchun ham, Alloh taolo bir siqim tuproqni siz otganingiz yo‘k, Men otdim deb minnat qilmokda. Rosululloh sollallohu alayhi va sallam esa, Allohga haqiqiy tavakkal qilganlaridan keyin, zohiriy sabablardan birini, albatta bu Alloh tomonidan bo‘ladigan nusratga sababdir degan xolis niyyat bilan qo‘lladilar, xolos.
Haj kunlarining birida Umar ibn al-Xattob roziyallohu anhu bir jamoa kambag‘allarni ko‘rib qoldi va ularga sizlar kimsiz deb so‘z qotdi. Ular biz "tavakkalchilarmiz" dedilar. Umar: yolgon so‘zladinglar, tavakkalchi yerga donni sepib keyin Allohga tavakkal qilgan kishidir, dedilar. Bu kabi misollarni juda ko‘p keltirish mumkin, biroq, bahsimiz qisqa bo‘lgani uchun shunisi bilan kifoyalanamiz.
Tavakkal va bugungi kunimiz
Xozirgi kunda biz musulmonlar haqiqiy ma'nodagi tavakkaldan anchagina yiroqlashgan ko‘rinamiz. Ba'zilarimiz faqatgina zohiriy sabablarga qattiq bog‘lanib olib najot va nusratni moddiy, zohiriy sabablardangina kutmoqdamiz, ba'zilarimiz esa, tavakkalning zohiriy sabablarini aslo qo‘llamay turib ham, tom ma'nodagi haqiqiy – to‘g‘ri tavakkalga yetisha olamiz deb o‘ylamoqdamiz. Moddiylik g‘alaba qilgan xozirgi kunimizda ko‘pchiligimiz ushbu moddiy hayotga qattiq berilib ketganimiz bois, tavakkalni ulug‘ ma'nolardan chetda qolib ketmoqdamiz.
Alloh taolo hammalarimizni to‘g‘ri yo‘lga O‘zi hidoyat etsin! Suhbatimizni payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning tavakkal haqidagi bir hadisi shariflari bilan yakunlamoqqa qaror qildik:
«Kimki, uyidan chiqqan paytda: ″Bismillahi tavakkaltu alalloh va la havla va quvvata illaa billah (ma'nosi: Allohning nomi bilan (uydan chiqdim), Unga tavakkal qildim, kuch va qudrat faqatgina Allohning O‘zidandir) deb aytsa″, unga: ″hidoyatlanding, himoyalanding va kifoyalanding ya'ni, kafolatlanding″,— deyiladi. Bas, buni eshitgan Shayton undan uzoqlashadi. Shunda ikkinchi Shayton unga aytadi: ″Batahqiq hidoyatlangan, himoyalangan va kafolatlangan kishiga sening uchun qanday yo‘l bo‘lishi mumkin!″» (Ya'ni uni sen qanday qilib adashtira olarding, buni sira iloji yo‘q!) (Temiziy rivoyatlari)
Mana azizlarim, uydan ko‘chaga chiqayotgan vaqtingizda Allohga tavakkal qilib, uning o‘zigagina suyangan xolda chiqsa, u albatta Alloh taoloning himoyasida bo‘lib, Shaytonning sharridan omonda bo‘lar ekan. Allog‘ taolo hammalarimizni haqiqiy ravishda O‘ziga tavakkal qilmog‘imizga muvaffaq aylasin!

Samarqand shahar "Ruhobod" jome masjidi imom xatibi Amirov To‘lqin Barot o‘g‘li.


Kiritilgan vaqti: 19/03/2021 14:35;   Ko‘rilganligi: 68
 
Material manzili: https://savad-ul-azam.uz/oz/articles/eductaion/allohga-tavakkal
Chop etilgan vaqti: 06/12/2021 22:27