Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Таълим-тарбия

Alloh yo‘lida do‘stlashish odob va huquqlari. 4- qism

 
 

بِسْــــــــــــــــــــــمِ ﷲِالرَّحْمَنِ الرَّحِيم.

Bismillahir rohmanir rohiym

Olamlar Rabbisi Allohga hamdu sanolar, Payg‘ambarimiz Muhammad sallohu alayhi vassallamga va u zotning ahli va as'hobiga salavotu salomlar bo‘lsin

قال رسول الله ‎ﷺ: { مَنْ دَل عَلَى خَيْرٍ فَلَهُ مِثْلُ أَجْرِ فَاعِلِهِ } رواه مسلم

Alloh yo‘lida do‘stlashish odob va huquqlari.

26. Yaxshi ishlarda hamkor bo‘lish. Ya'ni, yaxshilik va taqvo ustida unga yordamlashish, Alloh taologa toat-ibodatida unga ko‘makchi bo‘lishingiz lozim. Alloh taolo aytadi: «Yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qilingiz» (Moida: 2). Agar u biron ma'siyatga tushib qolsa, undan yuz o‘girib ketmasdan, tavba qilish va to‘g‘rilikka qaytishiga yo‘llashingiz, bu yo‘lda u bilan yonma-yon turishingiz lozim. Umar roziyallohu anhu aytganlaridek: «Agar bir birodaringizning yo‘ldan toyilganini ko‘rsangiz uni to‘xtatib va to‘g‘rilab qo‘ying, uning tavbasini qabul qilishini Allohdan so‘rang, uning ziyoniga shaytonga yordamchi bo‘lmang». Gunoh ish qilib qo‘yishi bilan uni tashlab qo‘yish, qo‘lidan tutmaslik uning butunlay buzulib ketishiga sabab bo‘lishi mumkin.
27. Unga foyda yetkazishga harakat qilish. Bu uning diniy va dunyoviy ishlarida imkoni bor bo‘lgan har qanday yo‘l bilan unga manfaat yetkazish bilan bo‘ladi. Bu sizning ustingizdagi uning haqlaridandir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytganlar: «Qay biringiz birodariga foyda yetkazishga qodir bo‘lsa, yetkazsin» (Muslim rivoyati). Bu diniy va dunyoviy manfaat turlarining barchasini o‘z ichiga oladi. Biroq, unga manfaat yetkazish harom ishda yordam berish bobidan bo‘lsa, bunday qilish aslo durust bo‘lmaydi.
28. Do‘stlikning davomiyligini saqlash, uni muhofaza qilish, imkoni boricha gunohlarsiz davom etishiga harakat qilish. Zero, gunohlar o‘z shumligi bilan mo‘min birodarlar o‘rtasini ajratib yuboradi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytganlar: «Ikki kishi Alloh yo‘lida do‘stlashib, so‘ng ajrashib ketgan bo‘lsa, bu ulardan birining qilgan gunohi sabablidir» (Ahmad, Buxoriy «al-Adab ul-Mufrad»da rivoyat qilgan). Gunohlar shumligi tufayli ne-ne do‘stlar orasi buzilib ketmagan deysiz! Chunki ruhlar hozirlangan askarlardir, do‘stlardan biri taqvosiz va gunohga mukkasida ketgan bo‘lsa, vaqt o‘tishi bilan do‘sti uni yoqtirmay qolishi aniq.
29. Uning his-tuyg‘ularini rioya qilish, so‘z bilanmi, fe'l bilanmi, ishora bilanmi, hatto qasdsiz ravishda ham unga ozor yetkazmaslik, bunga doim hushyor qarash va beparvo bo‘lmaslik. Ba'zan kishi birodarining oldida yomonlikni qasd qilmasdan bir gapni gapirib qo‘yadi, biroq birodari uni noto‘g‘ri tushunib qolib, o‘rtaga sovuqchilik tushadi. Alloh taolo aytadi: «Bandalarimga ayting-ki, ular (o‘zaro so‘zlashganlarida) eng go‘zal so‘zlardan so‘zlasinlar. Zero, shayton ularning o‘rtalarida buzg‘unchilik qilur. Darhaqiqat, shayton insonga ochiq dushmandir» (Isro: 53).
30. Uning sizning ustingizdagi haq-huquqlarini ado etishda o‘rtadagi do‘stlikka suyanib qolib qosirlik qilmasligingiz. Imom Shofeiy rahimahulloh aytganlaridek: «Birodarchilikka suyanib, birodaring haq-huquqida qosirlik qilma» (al-Majmu' sharhul muhazzab). Aksincha, o‘rtadagi do‘stlikni saqlab qolish va kuchaytirish istagida uning haq-huquqlariga ko‘proq e'tibor qaratish, bu xususda aslo beparvo bo‘lmaslik kerak.
31. Alloh yo‘lidagi birodariga o‘ziga hoxlagan narsani ilinish. Alloh yo‘lidagi birodaringizga, xususan muhtoj bo‘lsa, garchi o‘zingizga kerak bo‘lgan narsa bo‘lsa ham unga iysor-ixtiyor qilishingiz, ya'ni shu narsani unga ilinishingiz. Alloh taolo aytadi: «...garchi o‘zlarida ehtiyoj bo‘lsa-da, o‘zlarini qo‘yib (o‘zgalarni) iysor-ixtiyor qiladilar» (Hashr: 9). Agar uni iysor qilish qo‘lingizdan kelmasa, hech bo‘lmasa o‘zingiz uchun yaxshi ko‘rgan yaxshilikni u bilan baham ko‘ring.

Samarqand shahar "Ruhobod" jome masjidi imom xatibi Amirov To‘lqin Barot o‘g‘li.


Kiritilgan vaqti: 24/03/2021 11:22;   Ko‘rilganligi: 67
 
Material manzili: https://savad-ul-azam.uz/oz/articles/eductaion/alloh-yolida-dostlashish-odob-va-huquqlari-4-qism
Chop etilgan vaqti: 02/12/2021 21:49