Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Долзарб мавзу

RAMAZONIY HIKMATLAR

 
 

Ramazon kechalarida nafsing bilan uzoq suhbat qur. Qalbingning tub-tubiga qadar safar qil. U yerdan o‘z shaxsingni qidirib top. So‘ngra, yillar davomida yuz o‘girib, yolg‘izlatib qo‘yganing uchun undan uzr so‘ra.
Hazin xotiralaringdan xalos bo‘l. Orqangdan sanchilgan xiyonat zarbalarini his etma. Mag‘lubiyatlaringni sanama. Nafsingni alam zindoniga bandi qilma. Taningni nadomat qamchilari ila darralama.

Nochor holda tashlab ketgan, zoye qilgan, xiyonat va jafo og‘usini ichirgan, g‘iybating qilib, go‘shtingni yegan hatto, seni ma'naviy o‘ldirib, hayotingni jahannamga aylantirgan yaqinlaringni kechirib yubor.
Qurbing yetganicha ammora nafsga qarshi tur. Jasadingdan oldin qalbingni g‘usl qildir. Qo‘llaringdan avval tilingni pokla. Nafsing va tilingning ro‘zangni barbod qilishga qaratilgan barcha harakatlarini chippakka chiqar. Tutgan ro‘zangdan oladigan nasibang faqat ochlik va chanqoq bo‘lib qolmasin.
Qachonlardir zulm va yomonlik qilganing uchun vijdoningni o‘zlariga uy qilib olgan va vaqti-vaqti bilan uni besaranjom aylab, uyqungni o‘g‘irlaydigan insonlarga kechirim xati yozib qo‘y. Ularning haqlariga duoda bo‘l. Yaxshilik va ehsonlar qil. Toki, vijdoning uyini tark etsinlar.

Qalbingdagi nafrat dalalarini rahmat va mehr-muhabbat suvlari ila sug‘or. U yerga ezgulik va ehson nihollarini ek. Yaqiningga marhamat ko‘rsat. Uzoqdagi do‘stingga esa mavaddat ayla.
Tun qo‘ynida ikki rak'at bo‘lsa ham tahajjud namozini o‘qib qo‘y. Namozing vidolashuvchining namozidek bo‘lsin.
Duo qilarkansan, Allohga bo‘lgan ehtiyojingni qalban his et. Molu dunyoing va obro‘-e'tiboringni xayolan tark qil. Bir zumga ularni unut. Kimsasiz sahroda adashib qolib, Allohga yukunib, yolborib iltijo qiluvchi chorasiz, muztar kimsadek duo qil. Yolbor. Ilhah qil. Ko‘zingdan qaynoq yoshlar oqiz.
So‘ngra, duoing shak-shubhasiz ijobat bo‘lishidan umid qilib, Allohning qo‘llovi seni ihota qilayotganini his qilgan holda dardu alamlaring tugab-bitajagidan amin bo‘lib, qalbingga ingan sakinatni his etib, xushhollik bilan o‘rningdan tur.
Rahmat oyi chiqib ketmasdan safar uchun zodi rohila qil. Bilki, eng yaxshi yo‘l ozig‘i taqvodir.
Har kuni Rabbing kitobini qo‘lga ol. Oyatlariga nazar sol. O‘qi va tafakkur qil. Xitobiga quloq tut. Itobidan ibrat ol.

Qur'oni karim qalbing bahori, ko‘zlaring nuri, mahzunliging davosi, kadarlaring safosi bo‘lishini Allohdan so‘ra. Uni qalbingga vobasta qil. Ko‘zlaringga sur. U bilan yasha. Toki, Qiyomatda shafoatching bo‘lsin.
Shuni bilki, ramazon go‘zal iftorliklaru hashamatli saharliklar bilan emas balki, Qur'on tilovatidan, Rabbing ibodatidan, zikru tasbehidan, va bandalariga qiladigan yaxshiliklaringdan oladigan nasibang qadar go‘zal bo‘lur.


Kiritilgan vaqti: 21/04/2021 12:53;   Ko‘rilganligi: 96
 
Material manzili: https://savad-ul-azam.uz/oz/articles/actual/ramazoniy-hikmatlar
Chop etilgan vaqti: 06/12/2021 22:49